O‘zbekistondagi o‘smirlarning 25 foizdan ortig‘i ortiqcha vazn yoki semizlikdan aziyat chekmoqda. Bu o‘tgan yilning kuzida Sog‘liqni saqlash vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda YUNISEF tomonidan mamlakatdagi 59 ta maktabda o‘tkazilgan tadqiqot natijasi orqali ma’lum bo‘ldi. Asosiy sabablar qatorida muvozanatlashmagan ratsion, fastfudning faol targ‘ib qilinishi va ommabopligi, shuningdek, sifatli sport infratuzilmasining yetishmasligi ko‘rsatilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligining bolalar diyetologiyasi bo‘yicha bosh mutaxassisi Nilufar Ahmedovaning so‘zlariga ko‘ra, ortiqcha vazn va semizlik ovqatlanishning buzilishi sifatida tasniflanadi. Bola tana vaznining uning bo‘yiga fiziologik jihatdan mos kelmasligi kelajakda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar: qandli diabet, gipertoniya yoki yurak bilan bog‘liq erta muammolar rivojlanishi uchun zamin yaratadi. “Agar yetti yoshli bolalar orasida bu ko‘rsatkichlar ikki baravar ko‘payib, 10 foizdan oshsa, 10–14 yoshlilar guruhida bu raqamlar 36 foizga yetadi. Bu shoshilinch choralar ko‘rish zarurligidan dalolat beradi”, — dedi Ahmedova.
Tadqiqot 2025-yilning sentabr oyida o‘tkazildi. U Toshkent shahri va O‘zbekistonning oltita hududini: Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasini qamrab oldi. Tanlovga 59 ta umumta’lim maktabi (30 ta shahar va 29 ta qishloq maktabi) kirdi. So‘rovnomada 3000 ga yaqin o‘quvchi — asosan to‘rtinchi va sakkizinchi sinf o‘quvchilari, shuningdek, 59 ta fokus-guruh ishtirok etdi.
Tekshirilgan 59 ta maktabdan 10 tasida bepul ovqatlanish dasturi ishlashi kerak edi. Biroq o‘quv yili boshida monitoring guruhi tashrif buyurgan vaqtda faqat oltita maktabda bolalarga ovqat berilayotgan bo‘lgan. Qolganlarida tenderlarning cho‘zilib ketgani va shartnomalar tuzishdagi muammolar tufayli jarayon to‘xtab qolgan. Ovqatlanish joriy etilgan joylarda esa uning sifati bo‘yicha savollar tug‘ildi. Oltita maktabdan faqat ikkitasidagina ratsion sog‘lom deb topildi.
Maktab bufetlarining qariyb 100 foizida zararli yeguliklar: qovurilgan, sho‘r yoki haddan tashqari shirin mahsulotlar sotiladi; 75 foizida esa shirin gazlangan ichimliklar erkin sotuvda mavjud. Yangi kesilgan yoki konservalangan mevalarni 59 ta maktabdan faqat uchtasidagina sotib olish mumkin bo‘lgan. YUNISEFning sog‘liqni saqlash va ovqatlanish masalalari bo‘yicha mutaxassisi Olga Kimning ta’kidlashicha, “Muhitni o‘zgartirmasdan turib beriladigan ta’lim xulq-atvorning o‘zgarishiga olib kelmaydi. Hatto bilimga ega bo‘lgan taqdirda ham, bola tanaffus paytida nima mavjud bo‘lsa va nimaga o‘rgangan bo‘lsa, o‘shani sotib oladi.”
O‘quvchilar va fokus-guruhlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 80 foizdan ortiq bolalar maktabda to‘g‘ri ovqatlanish mavzusini chuqurroq o‘rganishni xohlaydi. O‘quvchilarning qariyb 75 foizi maktabdagi bepul yeguliklar g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydi va deyarli barchasi ular foydali hamda arzon bo‘lishi kerakligiga qo‘shiladi. Maktab o‘quvchilarining 60 foizi maktab ichida va unga tutash hududlarda zararli yeguliklar hamda ichimliklar sotilishi va reklama qilinishiga qat’iy taqiq qo‘yilishini yoqlaydi.
Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxonova maktab darvozalari oldida o‘zboshimchalik bilan savdo nuqtalarini ochgan sotuvchilar ko‘pincha sanitariya talablarini e’tiborsiz qoldiradi va cheklovlarga qaramay, o‘quvchilarga energetik ichimliklar hamda foydasiz mahsulotlarni sotishini ta’kidladi. “Kichik biznes niqobi ostida maktab yonida stul qo‘yib olib, qonuniy taqiqlarga zid ravishda bolalarga zararli mahsulotlarni sotish — ma’naviy nuqtai nazardan pul topish uchun vijdonni yo‘qotishdir”, — dedi u.
Source: www.gazeta.uz