Uzbelas Performance avtoservis xodimi Asadbek Jumayevga nisbatan ma'muriy huquqbuzarlik ishi kassatsiya tartibida ko'rib chiqildi. Birinchi instansiya sudining jarimaga hukm qilish to'g'risidagi qarori bekor qilindi. Toshkent shahar sudining qaroriga ko'ra, Jumayev 10 kunlik ma'muriy qamoq jazosiga hukm qilindi.
Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidovning ma'lum qilishicha, Jumayev o'zining DAI talablariga bo'ysunmagan ikkita BMW bilan bog'liq voqeada ishtirok etganidan "g'ururlanib", bu videoni tarqatgani uchun "kichik jarima" bilan qutulgani haqida maqtanib, ma'muriy qamoqqa hukm qilindi.
Mirzo-Ulug'bek tumani prokuraturasi yanvar oyida chiqarilgan Jumayevga nisbatan sud qaroriga kassatsiya shikoyati bilan murojaat qildi. Ushbu qarorga ko'ra, Jumayev 20 BJR miqdorida – 8 million 420 ming so'm jarimaga tortilgan edi.
Bugun, 27 fevral kuni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo'yicha sud kengashi Asadbek Jumayevga nisbatan ma'muriy huquqbuzarlik ishini kassatsiya tartibida ko'rib chiqdi va birinchi instansiya sudining jarimaga hukm qilish to'g'risidagi qarorini bekor qildi.
Toshkent shahar sudining qaroriga muvofiq, Asadbek Jumayevga Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 195-2-moddasi (huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining fotosurat va (yoki) video tasvirlarini ularning obro'sini tushirishga olib keladigan tarzda buzib tarqatish) bo'yicha 10 kunlik ma'muriy qamoq jazosi belgilandi.
Ilgari DAIdan qochgan BMWlar ishi bo'yicha sud qaroriga prokuratura shikoyat bilan murojaat qilgani haqida xabar berilgan edi.
Source: kun.uz