2025-yil sentabr oyida Toshkent viloyatidagi bog‘chalarda bolalarning ommaviy zaharlanishi holati bo‘yicha jinoyat ishi Bo‘ka tuman sudiga kelib tushdi. Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidovning xabar berishicha, sud ishiga 11 kishi jalb qilingan. Ular bolalar bog‘chalari uchun mahsulot ishlab chiqarish, yetkazib berish va xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq kompaniyalarda rahbarlik va texnik lavozimlarda ishlagan shaxslardir.
Ayblanuvchilar Jinoyat kodeksining 186-moddasi 4-qismi “b” bandi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish) va 257−1-moddasi 1-qismi (sanitariya qonunchiligi yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bo‘yicha ayblanmoqda. Ularning 10 nafariga qamoqqa olish, 1 nafariga uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llangan.
Tergov natijalariga ko‘ra, Oqqo‘rg‘on tumanidagi Shark Milk Product korxonasida ishlagan R. O. va boshqa ayblanuvchilar sanitariya qonunchiligi talablariga, Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘rsatmalariga hamda oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligiga oid normalarga rioya qilmaganliklari aniqlangan. Ular Piskent, Oqqo‘rg‘on, Bo‘ka, Quyi Chirchiq va Bekobod tumanlaridagi 123 ta bog‘chaga autsorsing xizmatini ko‘rsatuvchi kompaniyalar bilan jinoiy til biriktirib, sut va sut mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzgan. Amalda mahsulotlar sanitariya talablari buzilgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘chalarga yetkazib berilgan, bu bolalarning ommaviy kasallanishi va zaharlanishiga olib kelgan.
2025-yil 25-sentabr kuni zaharlanish alomatlari bilan 1922 nafar bola viloyat tibbiyot muassasalariga murojaat qilgan. Dastlabki tergovga ko‘ra, zaharlanishga Shark Milk Product kompaniyasining kefir mahsuloti sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi 25-sentabr kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Shunga o‘xshash holat 2021-yilda Oqqo‘rg‘on tumanida ham yuz bergan, o‘shanda 25 nafar bola jabrlangan edi. Shark Milk Product o‘sha vaqtda ham maktabgacha ta’lim muassasalariga sut mahsulotlari yetkazib bergan, lekin natijalar ochiqlanmagan.
Source: www.gazeta.uz