Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent markazida BMW M4 avtomobilida YPX inspektorini urib yuborgan 16 yoshli o‘smirning harakatlarida avtomobilni olib qochish va o‘limga sabab bo‘lgan qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish belgilari borligi aniqlandi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov tergov ma’lumotlariga tayanib buni ma’lum qildi.

O‘smir Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) va 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (o‘limga sabab bo‘lgan qasddan og‘ir jarohat yetkazish) bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida jalb qilindi. U maktabning 10-sinf o‘quvchisi bo‘lib, Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida qo‘lga olindi.

Bosh prokuratura gumonlanuvchi ilgari “jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi” YHQ qoidabuzarliklarini muntazam sodir etganini, avtomashina ovozini noqonuniy kuchaytirganini, migalka o‘rnatganini va qoidabuzarlik videolarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirganini qayd etdi. 9-yanvarda u boshqa BMW X5 avtomobilida YPXning to‘xtash talabiga bo‘ysunmagan, bu holat uning otasining jarimaga tortilishiga sabab bo‘lgan.

25-fevral kuni soat 21:30 atrofida haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan o‘smir tanishining opasiga tegishli avtomobilni olib qochgan. Soat 21:45 atrofida YPX inspektori Hosilbek Eshnazarov Nukus ko‘chasida YHQni buzib harakatlanayotgan avtomobil haqida xabar olgan. Inspektor transport oqimini to‘xtatish ishorasini bergan, ammo o‘smir manyovr qilib uni urib yuborgan. Inspektor og‘ir jarohat olib, 27-fevralda vafot etdi.

Tergov Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan, mahkama har tomonlama tekshiruv va’da berdi.

Source: www.gazeta.uz