Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston tarixida birinchi marta qishloq xo‘jaligi ro‘yxatga olinmoqda. Bu jarayon 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralgacha bo‘lgan aholini ro‘yxatga olish doirasida amalga oshiriladi. Fuqarolarga 71 ta savol beriladi, ulardan 17 tasi qishloq xo‘jaligiga tegishli.

Milliy statistika qo‘mitasi vakili Madina Yo‘ldosheva ta’kidlashicha, qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish dunyoda ilk bor 1840-yilda AQShda aholini ro‘yxatga olish doirasida boshlangan. Keyinchalik mustaqil statistik tadbir sifatida shakllanib, ko‘plab mamlakatlarda joriy etilgan. Xalqaro tashkilotlar tavsiyalariga ko‘ra, bu har 10 yilda bir o‘tkaziladi va agrar soha rivoji uchun asosiy statistik manba hisoblanadi.

BMTning FAO tashkiloti eksperti Georgiy Kvinikadze sobiq ittifoq davrida O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi bo‘yicha faqat ayrim yo‘nalishlarda (masalan, chorva mollarini hisoblash) statistik o‘rganishlar o‘tkazilganini, ammo ular batafsil ma’lumot berishga qodir emasligini aytdi.

2023-yilda Parkent va Jomboy tumanlarida pilot loyiha o‘tkazilib, metodologiya va savollar sinovdan o‘tkazilgan. 2026-yildagi ro‘yxatga olishda CAPI (kompyuter yordamida shaxsan intervyu) va CAWI (internet orqali o‘z-o‘zini ro‘yxatga olish) usullari qo‘llaniladi, bu tez va kam xarajatli hisoblanadi.

Source: www.gazeta.uz