Adliya vazirligi Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish va rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirishlar kiritdi. "Huquqiy axborot" Telegram kanali ma'lumotiga ko‘ra, bu o‘zgartirishlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Hujjatga ko‘ra, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasining elektron shakli mobil ilova orqali avtomatik shakllanadi. Fuqarolarga qulaylik yaratish uchun bojxona xodimlari texnik xatolarni tuzatishi mumkin.
16 yoshga to‘lmagan shaxslarga tegishli tovarlar uchun deklaratsiyada egasining pasport raqami ko‘rsatilishi lozim. Mobil qurilmalar cheklangan me‘yorlardan qat‘iy nazar deklaratsiyalanishi kerak, ammo O‘zbekistonda sotib olingan va ro‘yxatga olingan mobil qurilmalar bundan mustasno.
Bojxona qo‘mitasi "Yo‘lovchi deklaratsiyasi" mobil ilovasini o‘tgan yil oktabrida ishga tushirgan. Toshkent xalqaro aeroportida tizim test rejimida ishlamoqda va 2025-yil 1-noyabrgacha barcha chegara o‘tish punktlarida joriy etilishi rejalashtirilgan.
Source: www.gazeta.uz