Buxoro shahrida yashovchi 61 yoshli shaxs Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti safiga qo‘shilgan o‘g‘liga kriptovalyuta orqali pul yuborib, terrorizmni moliyalashtirgani uchun 10 yil 2 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Uning o‘g‘li 2019-yilda Suriyaga ketib, terroristik tashkilotga qo‘shilgan va ijtimoiy tarmoqlar orqali pul yig‘ishga ko‘maklashgan. 2021-2025-yillarda u O‘zbekiston fuqarolarini kriptovalyuta yuborishga da’vat qilib, katta miqdorda pul yig‘gan. Sakkiz nafar shaxs uning aldoviga uchib pul yuborgan, ularga nisbatan terrorizmni moliyalashtirish bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Tergovga ko‘ra, ota 2022-2025-yillarda Binance orqali 13 597 USDT (taxminan 167 mln so‘m) kriptovalyutani o‘g‘liga yuborgan. U 2022-2023-yillarda o‘z pulini kriptovalyutaga aylantirib, o‘g‘lining Binance akkauntiga o‘tkazgan, keyin o‘z akkaunti orqali yana pul yuborgan.
DXX ma’lumotiga ko‘ra, bu shaxs 2019-yilda diniy ekstremizm materiallarini tarqatgani uchun 5 yilga qamalgan va 2023-yilda shartli ozod qilingan. Buxoro shahar sudi uni terrorizmni moliyalashtirishda aybli deb topib, 10 yil 2 oyga qamadi. Uning o‘g‘liga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Source: www.gazeta.uz