Qozog‘iston Senati korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha qonunlar to‘plamini va davlat xizmatida korrupsiya xavflarining oldini olish, javobgarlikni kuchaytirish hamda manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etishga qaratilgan tegishli tuzatishlarni ma’qulladi, deb xabar bermoqda Tengrinews.
Xususan, qonunlar nafaqat pora olish va berish, balki porani va’da qilish, taklif etish yoki talab qilish uchun ham jinoiy javobgarlikni joriy etadi. Bu yangi chora-tadbirlar korrupsiyaning oldini olishda muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Senator Andrey Lukin tushuntirganidek, taklif etilayotgan o‘zgarishlar davlat xizmatchilariga tenglashtirilgan shaxslar doirasini ham qamrab oladi, birga ishlaydigan qarindoshlar uchun qoidalarni kuchaytiradi hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazoratni mustahkamlaydi. Bundan tashqari, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni va manfaatlar to‘qnashuvini yashirganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish rejalashtirilmoqda. Biroq asosiy yangilik — pora berish niyatining o‘zini jinoyat deb tan olishdir.
Senator Yevgeniy Bolgert bunday harakatlar aynan qanday tasniflanishi bilan qiziqdi. Xususan, u quyidagi savolni so‘radi: pora va’da qilish yoki taklif etish tugallangan jinoyat deb hisoblanadimi yoki jinoyatga tayyorgarlik bosqichi sifatida ko‘rib chiqiladimi? “Pora berish va’dasi bosqichida niyatning isbotlanish chegarasi qanchalik minimal va porani jismonan berish amalga oshmagan taqdirda, shaxs og‘zaki va’da bergani uchun javobgarlikka tortiladimi?” — deb so‘radi senator.
Qayd etilishicha, so‘z aynan niyatning o‘zini jinoyat deb topish haqida bormoqda: taklif yoki va’daning o‘zi — xoh og‘zaki, xoh yozma (shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar) ko‘rinishida bo‘lsin — isbot bo‘la oladi.
Senat spikeri Maulen Ashimbayev bunday faktlar turli usullar bilan — og‘zaki bayonotlardan tortib, internetdagi yozishmalargacha qayd etilishi mumkinligini qo‘shimcha qildi. “Jinoiy niyat mansabdor shaxsga og‘zaki murojaat qilish yoki xabarni yozma ravishda yuborish, jumladan, ijtimoiy tarmoqlar va internet orqali yuborish natijasida aniqlanishi mumkin. Shu bois biz sud amaliyoti, umuman olganda, sud jarayonidagi isbotlash vositalarining bazaviy asoslariga tayanishiga ishonamiz”, — dedi u.
Avvalroq Qozog‘istonda amaldorlar giyohvand moddalar iste’mol qilgani va mast holda rulga o‘tirgani uchun ishdan bo‘shatilishi xabar qilingandi. Bunday me’yor Majilisda ma’qullangan davlat xizmati to‘g‘risidagi qonun loyihasida belgilangan.
Source: www.gazeta.uz