Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent – AН Podrobno.uz. Jizzax, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida umumiy qiymati 25 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan davlat xaridlarida qonunbuzarliklar aniqlangan. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi. Qayd etilishicha, qonunbuzarliklar autsorsing xizmatlari, tovarlar, qurilish materiallari va turli ishlarni bajarish xaridlarida uchragan.

Eng yirik holat Sirdaryo viloyatida qayd etilgan. “Issiqlik elektr tarmoqlari” AJning “Sirdaryo IES” filiali tomonidan 22,5 milliard so‘mlik xaridlar o‘rganilgan. Mazkur holat yuzasidan hududiy boshqarma ish qo‘zg‘atgan va buyurtmachiga majburiy ijro etilishi lozim bo‘lgan taqdimnoma bergan.

Jizzax viloyatida umumiy qiymati 1,5 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan bir nechta xaridlarda qonunbuzarliklar aniqlangan. Xususan, Arnasoy tuman tibbiyot birlashmasi uchun 588,3 million so‘mlik autsorsing xizmatlari va viloyat silga qarshi dispanseri uchun 420 million so‘mlik xizmatlar shular jumlasidandir. Shuningdek, viloyat ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati uchun 333,1 million so‘mlik oltita tovar-moddiy boyliklar xaridi, Do‘stlik tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan 183,1 million so‘mlik qurilish materiallari xaridi ham tekshirilgan.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu xaridlarda ishtirokchilarga asossiz talablar qo‘yilgan va da’vogarlarning arizalari noto‘g‘ri baholangan. “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi buzilganligi sababli ishlar qo‘zg‘atilib, majburiy taqdimnomalar berilgan. Mas’ul mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzilib, materiallar sudga yuborilgan.

Farg‘ona viloyatida yana ikki holat aniqlangan. Marg‘ilon shahar obodonlashtirish boshqarmasida 2025-yil va 2026-yilning yanvar-aprel oylari uchun umumiy boshlang‘ich qiymati 1,2 milliard so‘mga yaqin xaridlar tekshirilgan. Shuningdek, Buvayda tuman davlat yo‘llardan foydalanish muassasasi tomonidan 275 million so‘mlik xaridlarda qonunbuzarliklar topilgan. Har ikkala holatda ham buyurtmachilar eng yaxshi taklifni tanlashda raqobat qonunchiligi talablarini buzgan. Tekshiruvlar natijasida ishlar qo‘zg‘atilib, majburiy taqdimnomalar berilgan, mansabdor shaxslarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 178-moddasi 5-qismi bo‘yicha ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, materiallar sudga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatida maktablar uchun isitish qozonlarini xarid qilishda shartnomada ko‘zda tutilgan ABS markali mahsulot o‘rniga LES markali qozonlar sotib olingan edi. Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lumotlariga ko‘ra, natijada byudjetga 1 milliard so‘m zarar yetkazilgan. O‘g‘irlik fakti bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Source: podrobno.uz