Nizolar davrida ham, tinchlik davridagi kabi, bolalar huquqlari har qanday davlatning asosiy mas’uliyati bo‘lib qolishi shart. Millati, siyosati yoki geografik joylashuvidan qat’i nazar, har bir bola bir xil fundamental huquqlarga — xavfsizlik, oila, ta’lim hamda qo‘rquvsiz kelajakka bo‘lgan huquqqa ega.
Bolalar urush qurboniga aylanganda, ularni himoya qilish nafaqat milliy mas’uliyat, balki butun xalqaro hamjamiyatning umumiy burchi hisoblanadi.
Ukrainalik bolalarning noqonuniy deportatsiya qilinishi va majburiy ko‘chirilishi Rossiyaning 2022-yildagi keng masshtabli bosqini bilan boshlangani yo‘q. Bu amaliyot ancha oldin — 2014-yilda Rossiya tomonidan Qrimning noqonuniy okkupatsiyasidan so‘ng boshlangan. Jumladan, 2015-yilga kelib ukrainalik bolalarning bosib olingan hududlardan Rossiyaga yoki Ukrainaning Rossiya nazorat qilayotgan ichkari hududlariga olib chiqib ketilayotgani haqida dalillar paydo bo‘lgan edi.
Ushbu noqonuniy va g‘ayriinsoniy amaliyot ukrainalik bolalar huquqlarining keng ko‘lamli va tizimli ravishda buzilishiga aylandi. Bugungi kunda Ukraina Adliya vazirligi 20 mingdan ortiq ukrainalik bolaning Rossiyaga yoki Rossiya vaqtincha nazorat qilayotgan hududlarga deportatsiya qilingani va majburiy ko‘chirilganini rasman tasdiqlagan.
Bu bolalarning barchasi uchun oqibatlar nafaqat yashash joyining o‘zgarishi, balki oilasidan ayrilish, o‘z jamiyatlariga mansublik tuyg‘usini yo‘qotish hamda ularning o‘zligi, tili va uyi bilan bo‘lgan aloqasiga tajovuz qilinishini anglatadi. Ularning taqdiri bizga shuni eslatadiki, nizo sharoitida bolalarni himoya qilish shunchaki abstrakt tamoyil emas, balki barqaror xalqaro hamkorlikni talab qiladigan insoniy mas’uliyatdir.
Bu holatlar ustida ishlayotgan Ukraina hukumati va fuqarolik jamiyati tashkilotlari bolalarning turgan joyini aniqlashda katta qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Rossiya ko‘chirilgan bolalarning soni va ular turgan joylar haqida to‘liq ma’lumot taqdim etmadi, bu esa ularni identifikatsiya qilish va keyinchalik qaytarishni o‘ta murakkablashtirmoqda. Hatto bolalarni topishga muvaffaq bo‘lingan taqdirda ham, ularni uyiga qaytarish uzoq va murakkab jarayon bo‘lishi mumkin.
Aynan shu sababli xalqaro hamkorlik hal qiluvchi ahamiyatga ega. Hech qaysi davlat bunday murakkab vaziyatni yakka o‘zi hal qila olmaydi. Va hech bir bola dunyo harakatga kelishini kutib qolmasligi kerak.
Ukraina prezidenti Zelenskiyning 2023-yildagi Bring Kids Back UA (“Bolalarni Ukrainaga qaytaring”) tashabbusi va 2024-yil fevralida Ukraina hamda Kanada tomonidan tuzilgan Ukrainalik bolalarni qaytarish bo‘yicha xalqaro koalitsiya aynan shu maqsadga xizmat qiladi. Tashabbus Ukrainaning bolalarni qaytarish, ularning tiklanishi va reintegratsiyasiga ko‘maklashish, shuningdek, aybdorlarni javobgarlikka tortishni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlari uchun milliy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Xalqaro koalitsiya ushbu maqsadlarga erishish uchun xalqaro ko‘makni safarbar etadi va siyosiy majburiyatlarni muvofiqlashtirilgan amaliy harakatlarga aylantirishga yordam beradi. Bugungi kunda koalitsiya 49 ta a’zoni, jumladan, davlatlar va xalqaro tashkilotlarni o‘z ichiga olgan. Uning faoliyati insonparvarlik xususiyatiga ega bo‘lib, bolalarni himoya qilishning xalqaro huquqiy standartlariga rioya etishga qaratilgan. Yevropa Ittifoqi koalitsiyaga 2025-yil sentabr oyida a’zo bo‘ldi.
Tizimli diplomatik, insonparvarlik va huquqiy sa’y-harakatlar, shuningdek, xalqaro hamkorlik tufayli bugungi kunga qadar 2130 dan ortiq ukrainalik bolani qaytarishga hamda reabilitatsiya va reintegratsiya dasturlari doirasida ularga ko‘mak ko‘rsatishga erishildi. Har bir bola uchun uyga qaytish o‘rnini bosib bo‘lmaydigan qadriyatlar — oila bag‘ri, ona tili va madaniyati, shuningdek, o‘z uyida voyaga yetish imkoniyatining tiklanishini anglatadi.
Biroq bular hikoyalarning bir qismi, xolos. Hali ham juda ko‘p bolalar Rossiya nazorati ostida — deportatsiya qilingan yoki Ukrainaning vaqtincha bosib olingan hududlarida qolmoqda. Ushbu muammoni hal qilish chinakam global javobni talab etadi. Nizo sharoitida bolalarni himoya qilish — bitta davlat yoki tashkilotning mas’uliyati emas, balki universal inson huquqlari va umumiy qadriyatlarimizga asoslangan jamoaviy burchdir.
Shu sababli biz butun dunyo mamlakatlarini Ukrainalik bolalarni qaytarish bo‘yicha xalqaro koalitsiya ishiga a’zo sifatida qo‘shilishga yoki kuzatuvchi sifatida ishtirok etishga chaqiramiz. Biz, shuningdek, Afrika, Osiyo, Lotin Amerikasi va Yaqin Sharqdagi ko‘plab davlatlar ushbu sohada — tinchlik o‘rnatish va yarashish jarayonlaridan tortib, nizolardan keyin bolalarni himoya qilish va reintegratsiya qilish dasturlarigacha bo‘lgan bebaho tajribaga ega ekanini e’tirof etamiz.
Koalitsiya nafaqat ukrainalik bolalarni qaytarishga ko‘maklashuvchi platforma, balki tajriba almashish va nizolar sharoitida bolalarni himoya qilishning global yondashuvlarini mustahkamlash maydoni hamdir. Ukrainadagi nizo faoliyatimizning boshlang‘ich nuqtasi bo‘lsa-da, maqsadimiz ancha kengroq: biz bolalar har qanday nizoda yaxshiroq himoyalanishi uchun xalqaro amaliyotni kuchaytirishga intilamiz.
Koalitsiyadagi ishtirok, shuningdek, bolalarni himoya qilishning huquqiy va institutsional mexanizmlari ustida birgalikda ishlash imkoniyatlarini yaratadi. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida oilalarni izlab topish, qaytarish, psixologik reabilitatsiya qilish va ko‘chirilgandan keyin bolalarning madaniy o‘zligini saqlab qolish bo‘yicha yondashuvlar ishlab chiqilgan. Ushbu tajribalarni birlashtirgan holda koalitsiya har qanday nizoda bolalar huquqlariga rioya qilinishiga xizmat qiluvchi xalqaro normalar va amaliy mexanizmlarni mustahkamlashga intiladi.
Koalitsiya ushbu hamkorlikni kengaytirishda davom etmoqda. 11-may kuni Bryusselda Ukrainalik bolalarni qaytarish bo‘yicha xalqaro koalitsiyaning navbatdagi yuqori darajadagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, u Yevropa Ittifoqi, Ukraina va Kanada hamkorligida tashkil etildi. Ushbu uchrashuv hamkorlarni erishilgan yutuqlarni baholash hamda bolalarni o‘z oilalari va jamoalariga qaytarish bo‘yicha keyingi amaliy qadamlarni belgilab olish uchun birlashtirdi.
Yakuniy xulosa shuki, bolalar himoyasi geosiyosiy ixtiloflardan ustun turishi kerak. Bu xalqaro huquqqa hamda har bir bola xavfsizlik, qadr-qimmat va g‘amxo‘rlikka loyiq ekanini tan olishga asoslangan umumiy insonparvarlik burchidir.
Biz butun dunyodagi sheriklarimizni ushbu sa’y-harakatlarga qo‘shilishga hamda o‘z ovozi, noyob tajribasi va bebaho yetakchiligi bilan o‘rtoqlashishga taklif etamiz — bularning barchasi bolalar himoyasini universal ustuvor vazifa sifatida ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega.
Mintaqaviy, madaniy va siyosiy farqlarga qaramay, birgalikda harakat qilib, biz nizolar tufayli vayron bo‘lgan bolalikni tiklashimiz va butun dunyoda bolalarni himoya qilishning global tizimini mustahkamlashimiz mumkin. Zero, gap bolalar huquqlari va qadr-qimmati haqida ketganda, umumiy insoniylik tuyg‘umiz har doim birinchi o‘rinda turishi lozim.
Source: www.gazeta.uz