Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Eron Inqilobiy gvardiyasi (IRGC) payshanba kuni bir qator Xitoy kemalariga strategik Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishga ruxsat berilganini ma’lum qildi. Bu haqda Eron davlat televideniyasi xabar berdi.

Tinchlik davrida global neft va suyultirilgan gaz yuklarining beshdan bir qismi o‘tadigan muhim suv yo‘li 28 fevral kuni AQSh va Isroil hujumlaridan keyin Eron tomonidan blokada qilingan edi.

Eron televideniyasi “30 dan ortiq kema”ga o‘tishga ruxsat berilganini aytdi, biroq ularning qanchasi Xitoyga tegishli ekani aniqlanmadi. Gvardiya bayonotida “Xitoy tomonidan so‘ralgan bir qator kemalar Eron bo‘g‘oz boshqaruvi protokollari bo‘yicha kelishuvdan so‘ng o‘tadi” deyiladi.

IRGC qo‘mondoni “dushman davlat” bilan bog‘liq kemalar hali ham blokada qilinayotganini ta’kidladi. Bu bayonot AQSh prezidenti Donald Trampning Xitoyga tashrifi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi, uning asosiy maqsadi Pekinni Tehronga qarshi safarbar etish edi.

Tramp Fox News’ga bergan intervyusida Xitoy rahbari Si Szinpin bilan uchrashuvdan so‘ng, Si uni Hormuz bo‘g‘ozini ochishga yordam berishga va‘da berganini, shuningdek, Eronga qurol yetkazmaslikka va’da qilganini aytdi.

AQSh G‘aznachilik kotibi Skott Bessent CNBC’ga bergan intervyusida Eronning Xarg orolidagi neft terminalida “so‘nggi uch kunda hech qanday yuklash bo‘lmaganini” va “saqlash joylari to‘lganini” ma’lum qildi. Eron milliy valyutasi rekord darajada qadrsizlanib, iste’mol narxlari deyarli ikki baravar oshdi.

Eron Hormuz bo‘g‘ozini blokada qilayotganini rad etadi, biroq xalqaro huquq ekspertlarining fikricha, kemalar Eron qirg‘og‘iga yaqin koridordan faqat yuqori to‘lov evaziga o‘tishi tranzit huquqini buzadi.

Source: www.dw.com