Vena shahrida 2026-yil 17-mayga o‘tar kechasi Eurovision-2026 xalqaro qo‘shiq tanlovining finali bo‘lib o‘tdi. Unda 25 davlat vakillari ishtirok etdi.
Musobaqa g‘olibi Bolgariya vakili DARA (Darina Yotova) bo‘lib, u “Bangaranga” kompozitsiyasi bilan jami 516 ball to‘pladi. Bu so‘nggi yillardagi eng ishonchli natijalardan biri sifatida baholanmoqda.
Final shousini daniyalik artist Seren Torpegor Lunn ochdi, ishtirokchilarning chiqishlari esa avstriyalik ijrochi COSMO qo‘shig‘i bilan yakunlandi. Dastlab bukmekerlar Finlandiya va Avstraliyani favorit deb hisoblagan edi.
Milliy hakamlar hay’ati ovoz berishi natijasida Bolgariya 204 ball bilan yetakchilikni qo‘lga kiritdi. Tomoshabinlar ovoz berishi esa quyi o‘rinlarni tubdan o‘zgartirdi.
Eng katta yutuqni Isroil vakili Noam Betton qo‘lga kiritdi. U siyosiy bahslar tufayli jurnalistlar e’tiborida bo‘lgan edi. Tomoshabinlar kuchli qo‘llab-quvvatlashi natijasida sakkizinchi o‘rindan ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib, 343 ball to‘pladi.
Uchinchi o‘rinni ruminiyalik Aleksandra Kepitenesku 296 ball bilan egalladi. Bukmekerlar favoritlari esa kutilgan natijani ko‘rsata olmadi: Avstraliya to‘rtinchi, Finlandiya esa oltinchi o‘rinda qoldi.
Source: podrobno.uz