Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Moskva meri Sergey Sobyaninning ma'lum qilishicha, Ukraina Qurolli kuchlari 17-mayga o‘tar kechasi Moskva viloyatiga hujum uyushtirdi. Ukraina pabliklari bu Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga bosqini boshlanganidan beri Moskvaga qilingan eng yirik hujum ekanini va o‘nlab obyektlarga shikast yetganini yozmoqda.

Sobyaninning Telegram kanalidagi xabarlaridan ma’lum bo‘lishicha, yarim tundan tonggi soat 7 ga qadar Moskvaga yaqinlashayotgan 81 ta uchuvchisiz uchish apparati urib tushirilgan, oxirgi bir sutka ichida esa havo hujumidan mudofaa kuchlari jami 120 dan ortiq dronni yo‘q qilgan.

Sobyaninning so‘zlariga ko‘ra, zarbalardan biri Kapotnyadagi Moskva neftni qayta ishlash zavodining kirish joyiga to‘g‘ri kelgan va u yerda quruvchilar jarohat olgan. “Zavod texnologiyasiga zarar yetmagan”, — dedi shahar rahbari. Guvohlar tomonidan olingan kadrlarda dronning zavod yaqiniga qulayotganini ko‘rish mumkin. Uning aynan qayerga tekkani noma’lum.

Dronlar hujumi oqibatida, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 12 kishi jarohatlangan, ularning aksariyati zavod kirish joyi yaqinida bo‘lgan. Bundan tashqari, uchta uyga shikast yetgan. Astra nashrining xabar berishicha, Zelenogradda (Moskva tarkibiga kiradi) turar joy binosining fasadiga zarar yetgan. Guvohlar Mixaylov ko‘chasidagi ko‘p kvartirali turar joy binosiga dron kelib urilishi oqibatlari aks etgan fotosuratlarni olgan.

Zelenograddagi zarbaning nishoni elektron va optik texnika ishlab chiqaruvchi “Elma” texnoparki bo‘lgan.

Ukraina dronlari hujumidan keyin Moskvaning Sheremetevo aeroportida yong‘in yuz berdi, deb xabar bermoqda Astra. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in uchinchi uchish-qo‘nish yo‘lagida boshlangan. Aeroport ma’muriyati u yerga dron bo‘laklari qulaganini hamda ular “yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish va havo kemalari hududlaridan xavfsiz masofada” ekanini ma’lum qildi. Hujum vaqtida aeroport yopib qo‘yildi, buning oqibatida 200 ga yaqin reys bekor qilindi va kechiktirildi. Samolyotlarning bir qismi zaxira aerodromlariga yo‘naltirildi.

Moskva viloyati. Viloyatda amalga oshirilgan hujum oqibatida uch nafar mahalliy aholi vakili halok bo‘ldi, to‘rt kishi jarohatlandi, deb xabar berdi gubernator Andrey Vorobyov. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ximkidagi turar joy binolariga dron kelib urilishi oqibatida bir ayol, Mitishchida esa bir erkak va bir ayol halok bo‘lgan.

Gubernatorning ma’lum qilishicha, dronlar Krasnogorsk va Dedovskdagi ko‘p kvartirali uylarga, Istra yaqinidagi Agrogorodok va Naro-Fominsk yaqinidagi Subbotino qishlog‘idagi xususiy xonadonlarga urilgan. Guvohlar tomonidan olingan tasvirlarga ko‘ra, Ximkida dron ko‘p kvartirali uyga tekkan, rasmiylar ushbu ma’lumotni tasdiqladi.

“Bundan tashqari, bir nechta munitsipal tumanlardagi infratuzilma obyektlariga hujum qilindi”, — deb bayonot berdi Vorobyov. Rossiya va Ukraina Telegram kanallarining xabar berishicha, Moskva viloyatiga berilgan zarbadan so‘ng Solnechnogorsk neft quyish stansiyasida yong‘in kelib chiqqan. Ushbu stansiya neft mahsulotlarini qabul qilish, saqlash va taqsimlashga mo‘ljallangan. Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, 16-may kuni soat 22:00 dan (Toshkent vaqti bilan 00:00) 17-may tonggi 7:00 ga qadar HHM kuchlari Rossiya hududlari va anneksiya qilingan Qrim uzra Ukrainaning 556 ta dronini urib tushirgan.

Rossiya Qurollani kuchlari ham, o‘z navbatida, 17-mayga o‘tar kechasi Ukrainaning bir nechta shaharlariga hujum uyushtirdi.

Dneprga qilingan dronlar hujumi oqibatida, mahalliy rasmiylarning ma’lum qilishicha, bir nechta yong‘in kelib chiqqan. Uch kishi jarohatlangan. Bitta korxona va xususiy uylarga shikast yetgan.

Zaporoje viloyatining Zaporoje tumanida esa Rossiya Qurolli kuchlarining zarbasi oqibatida avtoyonilg‘i quyish shoxobchasi shikastlangan. Rasmiylarning xabar berishicha, bir ayol jarohat olgan.

Rossiya Qurolli kuchlari Sumi shahriga ham hujum qildi, buning oqibatida ko‘p kvartirali turar joy binolarining oynalari sinib ketgan, savdo markazlaridan biri va avtomobillarga zarar yetgan.

Tunda Rossiya Xarkovga ham zarba berdi, deb xabar qildi Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati. Hujum tufayli yettita yengil avtomobil yonib ketgan. Portlash to‘lqini oqibatida ko‘p kvartirali va xususiy uylarning oynalariga shikast yetgan. Hech kim jarohatlanmagan.

Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlarining bayonot berishicha, Rossiya tun davomida jami 287 ta uchuvchisiz uchish apparatini ishga tushirgan, ulardan 279 tasini urib tushirishga muvaffaq bo‘lingan. Sakkizta dron yettita hududga kelib urilgan, bundan tashqari, dron bo‘laklari ham yettita joyga qulagan.

“Ushbu hafta davomida rossiyaliklar Ukraina bo‘ylab 3170 dan ortiq zarba beruvchi dron, 1300 dan ziyod boshqariladigan aviabomba va 74 ta turli turdagi raketalar otdi, ularning aksariyati ballistik raketalardir. Turar joy binolari va boshqa fuqarolik infratuzilmalariga ko‘plab zarbalar berildi. Afsuski, hafta davomidagi o‘qqa tutishlar oqibatida 52 kishi halok bo‘ldi… Yana 346 kishi, jumladan, 22 nafar bola jarohatlandi”, — deb yozdi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy tungi hujumlardan so‘ng o‘zining Telegram kanalida.

Source: www.gazeta.uz