Yevropa parlamenti birinchi marta Yevropa ordenini topshirish marosimini o‘tkazdi. Ushbu mukofot bilan Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkel, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Polshaning sobiq prezidenti Lex Valensa taqdirlandi.
Yevropa Ittifoqi ma’lumotlariga ko‘ra, orden Yevropa integratsiyasiga qo‘shgan hissasi yoki blokning asosiy qadriyatlarini himoya qilgan shaxslarga beriladi. Merkel, Zelenskiy va Valensa mukofotning eng yuqori darajasini oldi.
Marosim Fransiyaning Strasburg shahrida bo‘lib o‘tdi. Zelenskiy shaxsan qatnasha olmadi. Boshqa taniqli shaxslar, jumladan Vatikan diplomati Pietro Parolin, Moldova prezidenti Mayya Sandu va Yevropa Markaziy bankining sobiq rahbari Jan-Klod Trishe pastroq darajadagi orden bilan taqdirlandi.
Avstriyaning sobiq kansleri Volfgang Shyussel va U2 guruhi a’zolari ham mukofot oldi. Yevropa parlamenti ma’lumotiga ko‘ra, 20 laureatdan 13 nafari shaxsan qatnashib, qisqa nutq so‘zladi.
Yevropa parlamenti rahbari Roberta Metsola mukofotni e’lon qilar ekan, “Yevropa ordeni bilan biz nafaqat Yevropaga ishongan, balki uni qurishga yordam berganlarni sharaflaymiz”, dedi. Uning qo‘shimcha qilishicha, “Yevropa har doim odamlar tomonidan qurilgan. Bo‘linishlarni bartaraf etish, to‘siqlarni buzish, diktaturalarni ag‘darish va inqirozlarni yengish orqali kelajakni yaratganlar mukofotga loyiq”.
Source: www.dw.com