Kuba hukumati tomonidan 300 dan ortiq harbiy dronlar sotib olingani va AQSh bilan munosabatlar keskinlashgani fonida, Kubaning Fuqaro Mudofaasi tomonidan e'lon qilingan "Harbiy tajovuz holatida aholini himoya qilish bo'yicha oilaviy qo'llanma" fuqarolar orasida norozilik va sarosimaga sabab bo'ldi.
Qo'llanmada shaxsiy hujjatlar, radio, fonar, gugurt, sham, birinchi yordam to'plami, uch kunlik oziq-ovqat, ichimlik suvi, gigiyena vositalari va surunkali kasalliklar uchun dori-darmonlarni ryukzakka joylash tavsiya etilgan. Shuningdek, havo hujumlari paytida foydalanish mumkin bo'lgan boshpanalarni aniqlash kerakligi aytilgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp so'nggi haftalarda Kubaga qarshi choralar ko'rish haqida bir necha bor ogohlantirib, "Kuba navbatdagi" degan bayonot berdi. Axios nashri razvedka manbalariga tayanib, Kuba 300 dan ortiq harbiy dronlarni sotib olgani va ularni Guantanamodagi AQSh bazasi yaqinida qo'llash stsenariylarini ko'rib chiqayotgani haqida xabar berdi.
Jorj Meyson universiteti professori Guadalupe Korrea-Kabrera bu dronlar soni AQSh harbiy qudratiga nisbatan ahamiyatsiz ekanini ta'kidlaydi. "Harbiy va strategik nuqtai nazardan, 300 dron AQSh imkoniyatlari bilan solishtirganda hech narsa emas. Asimmetriya juda katta", deydi u.
Tahlilchining fikricha, vaziyatni keng geosiyosiy kontekstda ko'rish kerak. Kuba geografik joylashuvi tufayli G'arbiy yarimsharda nazorat o'rnatmoqchi bo'lgan har qanday davlat uchun muhim ahamiyatga ega. Xavotirga nafaqat dronlar, balki Gavananing AQShga dushman davlatlar bilan strategik ittifoqlari va "notartibiy urush"ning yangi shakllari sabab bo'lmoqda.
Xalqaro munosabatlar bo'yicha mutaxassis Xuan Battaleme esa eng katta xavf harbiy emas, balki gumanitar inqiroz ekanini aytadi. "Agar tartibsizliklar ommaviy migratsiyaga olib kelsa, Kubaliklarning dengiz orqali qochishi yoki Guantanamoda gumanitar yordam so'rashi tasvirlari Vashington uchun katta siyosiy xarajat bo'ladi", deydi u.
Battaleme AQSh Kubadagi o'tish jarayoni tartibli bo'lishini va mintaqaviy beqarorlikka olib kelmasligini xohlashini ta'kidlaydi. "Kuba bugungi kunda Venesuelaga o'xshaydi: o'ta zaif davlat, qisman tashqi yordam hisobiga yashab turibdi", deydi u. Biroq, mutaxassis ikki davlat o'rtasidagi to'qnashuv hali uzoq ekanini, vaziyat harbiy emas, balki siyosiy maydonda rivojlanayotganini qayd etadi.
Source: www.dw.com