Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov Buxarestdagi Super Chess Classic Romania turnirining yettinchi turida germaniyalik Vinsent Keymerni mag‘lub etdi. Bu uning Nomzodlar turniridan keyingi klassik shaxmatdagi ilk g‘alabasi bo‘ldi.

Sindarov oq figuralar bilan o‘ynab, debyutda ustunlikka erishdi va raqibining xatosidan foydalanib, 30-yurishda hal qiluvchi zarbani berdi. Keymer turnir jadvalida peshqadam edi, ammo bu mag‘lubiyat uning yetakchiligini yo‘qotishiga sabab bo‘ldi.

Chess.com nashriga ko‘ra, Sindarov Nomzodlar turnirining birinchi yarmida ajoyib o‘yin ko‘rsatgan, ammo ikkinchi qismida sur’atni pasaytirib, faqat bitta g‘alaba qozongan edi. Buxarestdagi g‘alabasiz seriyasi 10 partiyaga yetgan edi.

Sindarovning so‘zlariga ko‘ra, u Keymerning Tarrash himoyasini tanlashini oldindan bilgan va “unchalik ko‘p tayyorgarlik ko‘rmagan”. Partiya durangga ketayotganda, Keymer fil bilan noaniq yurish qilib, qiyin ahvolga tushib qoldi.

“Nihoyat, yaxshi partiyadan juda xursandman. Bugun haqiqatan ham juda chiroyli o‘yin ko‘rsatdim – ko‘p hisobladim!” – dedi Sindarov g‘alabadan keyin.

Ushbu g‘alaba turnir jadvalidagi vaziyatni o‘zgartirdi. Endi peshqadamlikni Keymer, Fabiano Karuana va Yorden van Forest (4,5 ochkodan) bo‘lishib turibdi. Sindarov esa 5-8-o‘rinlarni egallab, peshqadamlardan bir ochkoga ortda qolmoqda.

Sindarov, shuningdek, raqiblari ustunlikka ega ekanligini ta’kidladi, chunki ular unga qarshi partiyadan oldin qo‘shimcha dam olish kuniga ega bo‘lishadi. Bunga Alirizo Firuzjoning turnirni tark etishi sabab bo‘lgan.

Sakkizinchi turda Sindarov Yorden van Forest bilan, so‘ngra Uesli So bilan o‘ynaydi. Birinchi o‘rin uchun kurashda unga qolgan ikki partiyada ham g‘alaba qozonish talab etilishi mumkin.

Source: www.gazeta.uz