AQSh federal prokuraturasi Google muhandisi Michele Spagnuoloni Polymarket prognoz bozorida ichki ma'lumotlardan foydalanib, 1,2 million dollardan ortiq pul yutganlikda aybladi. 36 yoshli italyan fuqarosi Shveytsariyada yashaydi.
Ayblov xulosasiga ko‘ra, Spagnuolo Google’ning 2025 yilgi eng ko‘p qidirilgan so‘rovlar ro‘yxati natijalariga garov tikish uchun “AlphaRaccoon” nomli akkauntdan foydalangan. Jami garovlar taxminan 2,75 million dollarni tashkil etgan.
Prokurorlarning ta’kidlashicha, Spagnuolo maxfiy ma’lumotlarga kirganidan so‘ng, indie pop musiqachisi d4vd eng ko‘p qidirilgan shaxs bo‘lishini to‘g‘ri bashorat qilgan. U tovar firibgarligi, elektron firibgarlik va pul yuvishda ayblanmoqda.
Nyu-York janubiy okrugi AQSh prokurori Jey Kleyton: “Bugungi ayblovlar o‘n yilliklar davomidagi xabarni mustahkamlaydi: korporativ insayderlar bozorlarimizda foyda olish uchun maxfiy biznes ma’lumotlaridan foydalana olmaydi”, dedi.
Google kompaniyasi huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlik qilayotganini va maxfiy ma’lumotlardan garov tikishda foydalanish jiddiy qoidabuzarlik ekanini bildirdi. Spagnuolo ishdan vaqtincha chetlashtirilgan.
Polymarket vakili kompaniya tergovda yaqindan hamkorlik qilganini va “AQShda insayder savdosi bo‘yicha ayblovlarga olib kelgan yagona prognoz platformasi” ekanini ta’kidladi.
O‘tgan oy AQSh askari Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning o‘g‘irlanishi bo‘yicha maxfiy harbiy ma’lumotlardan foydalanib Polymarketda 400 ming dollardan ortiq yutganlikda ayblangan edi.
Source: www.aljazeera.com