Birlashgan Millatlar Tashkilotining iqlim bo‘yicha ixtisoslashgan tashkiloti — Jahon Meteorologiya Tashkiloti (WMO) tomonidan e’lon qilingan yangi hisobotda, 2025–2030 yillar oralig‘ida Yer yuzida rekord darajadagi issiqlik kuzatilishi ehtimoli yuqori ekani ta’kidlandi.
Hisobotga ko‘ra, kelgusi besh yil ichida 2024 yilni ortda qoldirib, eng issiq yil bo‘lish ehtimoli 86 foizni tashkil etadi. Shuningdek, 2026–2030 yillardagi o‘rtacha besh yillik harorat sanoatdan oldingi davrga nisbatan 1,5 darajadan oshib ketishi mumkin — bu ko‘rsatkich olimlar tomonidan xavfli chegara sifatida belgilangan.
Parij kelishuvi doirasida deyarli 200 davlat global isishni 1,5 daraja bilan cheklashga rozi bo‘lgan edi. Biroq mutaxassislar bu maqsadga erishish tobora qiyinlashayotganini tan olishmoqda. Hisobotda bir yillik oshib ketish hali 1,5 daraja chegarasini butunlay yo‘qotilgan degani emas, chunki bu ko‘rsatkich 20 yillik o‘rtacha asosida hisoblanadi.
Arktika mintaqasida harorat kelgusi besh yil ichida 1991–2020 yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 2,8 darajaga yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Bu esa mintaqaning global o‘rtachadan 3,5 baravar tez isishini anglatadi.
Sheffild universiteti professori Maykl Jeykobsning aytishicha, davlatlar Parij kelishuvi majburiyatlarini bajarish uchun yanada ko‘proq harakat qilishlari kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi davom etmoqda va uni sekinlashtirishning yagona yo‘li — qayta tiklanadigan energiya va elektrlashtirishga o‘tishdir.
Hisobotda, shuningdek, Sahel, Shimoliy Yevropa, Alyaska va Sibirda yog‘ingarchilik ko‘payishi, Amazonka hududida esa qurg‘oqchilik kuzatilishi bashorat qilingan. Ayni paytda G‘arbiy Yevropada jazirama issiqlar kuzatilmoqda — Buyuk Britaniyada may oyidagi harorat rekord darajaga yetdi.
BMTning iqlim bo‘yicha rahbari Saymon Stiel issiq to‘lqinlarini iqlim inqirozining “shafqatsiz eslatmasi” deb atadi va davlatlarni qazib olinadigan yoqilg‘ilarga qaramlikni tezroq tugatishga chaqirdi.
Source: www.aljazeera.com