Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Global iqtisodiy noaniqlik va geosiyosiy ziddiyatlar kuchayib borayotgan bir paytda Markaziy Osiyo mintaqasi xalqaro investorlar uchun tobora jozibador bo'lib bormoqda. Ayrim ekspertlar mintaqani “barqaror orol” deb atasa, boshqalar uning oddiy tranzit yo'lagidan mustaqil ishlab chiqarish markaziga aylanayotganini ta'kidlamoqda. Toshkent xalqaro investitsiya forumi ishtirokchilari ushbu tendensiyalarni muhokama qildi.

Marco Polo Ventures rahbari Sachdev Ramakrishna so'nggi yillar eng ishonchli iqtisodiy markazlarning ham zaif ekanini ko'rsatganini aytdi. “Geosiyosiy va iqtisodiy muhit barqarorligi biznes uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu fonda Markaziy Osiyo nisbatan barqaror tinchlik oroli sifatida ko'rinmoqda”, dedi u. Ekspert mintaqaga qiziqishning ortishi nafaqat boshqa mamlakatlardagi muammolar, balki ichki iqtisodiy o'zgarishlar bilan ham bog'liqligini qayd etdi.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) tahlilchisi Selesta Laport-Talamon mintaqa barqaror iqtisodiy o'sish, yosh mehnat resurslari va savdo islohotlari tufayli integratsiyani kuchaytirayotganini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, chegaralararo tartib-taomillarni soddalashtirish va qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish mintaqaning uzoq muddatli ustunliklari hisoblanadi.

Jokhadze Capital Advisors hamkori Teya Djoxadze kapital avtomatik kelmasligini, investorlarga tayyor mahsulotlar va sifatli investitsiya g'oyalari taklif qilinishi kerakligini aytdi. Strategy& (PwC) hamkori Shixob Elborai esa investorlarni barqarorlik emas, balki o'sish istiqbollari jalb qilishini ta'kidladi: “Ko'pchilik investorlar aniqlikni izlaydi, deb o'ylashadi. Aslida ular o'sishni izlaydi. Markaziy Osiyo esa o'sish, resurslar va yirik bozorlar o'rtasidagi qulay joylashuvni taklif etadi”.

Shu bilan birga, ekspertlar mintaqaning tashqi jarayonlarga bog'liqligini eslatdi. Laport-Talamon Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi va Eron atrofidagi keskinlik investitsiya oqimlariga ta'sir ko'rsatishi mumkinligini aytdi. Elborai asosiy muammo noaniqlik ekanini ta'kidladi: “Investorlar xatarlarni boshqarishi mumkin, ammo oldindan aytib bo'lmaydigan sharoitlarda ishlash qiyin”.

O'zbekiston istiqbollari haqida Ipotekabank (OTP Group) bosh direktori vazifasini bajaruvchi Adam Sentpeteri optimistik baho berdi: “O'zbekiston iqtisodiyoti yaxshi holatda, hukumat islohotlarga sodiq. Mamlakatning istiqbollari juda yaxshi”. Ekspertlar kapitalni jalb qilishning asosiy shartlari sifatida qonun ustuvorligi, xususiylashtirish, moliya bozorini rivojlantirish va islohotlarni davom ettirishni qayd etdi.

Forum ishtirokchilari geosiyosiy taranglik fonida Markaziy Osiyoga qiziqish ortganini, ammo bu qiziqishni real loyihalarga aylantirish asosiy chaqiriq ekanini ta'kidladi. Djoxadze davlat mablag'lari tayanch kapital vazifasini o'tab, xususiy investitsiyalarni jalb qilishi mumkinligini aytdi. Elborai esa mintaqa sifatli loyihalar yaratish va iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga e'tibor qaratishi kerakligini qo'shimcha qildi.

Source: www.gazeta.uz