Rossiya qo‘shinlari Ukraina sharqidagi strategik ahamiyatga ega Kostyantinivka shahriga kirib borgan va hozirda uni o‘rab olishga harakat qilmoqda. BBC xabariga ko‘ra, butun shahar endi "kulrang zona"ga aylangan va hech kim tomonidan nazorat qilinmaydi.
"Ular bizning orqamizdagi hududlarga kirib olishadi va shahar sharoitida ularni siqib chiqarish juda qiyin", deydi o‘sha hududda faoliyat yuritayotgan ukrainalik uchuvchisiz samolyot operatori.
Kostyantinivka Donbasning qolgan qismiga kirish eshigidir. Agar u qulasa, Rossiya kuchlari Ukraina sharqidagi so‘nggi qal’alar – Kramatorsk va Slovyansk shaharlari tomon yura oladi va Donbasni to‘liq egallashga yaqinlashadi.
Ukraina qo‘mondonlari bu yil yo‘qotilganidan ko‘ra ko‘proq hududni qaytarib olganliklarini va Moskvaning muhim ta’minot yo‘llarini buzganliklarini da’vo qilmoqda. Yakshanba kuni Rossiya tomonidan tayinlangan Qrim ma’murlari yoqilg‘i tanqisligi sababli aholiga benzin sotishni to‘xtatdi.
Biroq, Kostyantinivkada Rossiya askarlari janubdan oldinga siljigan va hatto shaharning shimoliy chekkasida ham ko‘rilgan. Moskva o‘z kuchlarining tez oldinga siljishini va Ukraina harbiy qismlarini o‘rab olganini da’vo qilmoqda.
Ukraina generali Oleksandr Bakulin vaziyat nazorat ostida ekanligini va dushman muvaffaqiyatga erishmaganligini ta’kidlaydi. Biroq, u shaharda 130 ga yaqin Rossiya askari borligini tan oladi.
Ukrainalik ofitser BBCga shaharda tozalash va hujum guruhlari borligini, ammo ruslar tobora ko‘proq askar to‘playotganini aytdi. Har bir bino askarlar uchun potentsial boshpana bo‘lib xizmat qiladi.
Rossiya uchuvchisiz samolyot operatorlari Ukraina dronlarining uchish maydonchalarini yo‘q qilishga e’tibor qaratgan. Ukrainalik operatorning aytishicha, ularning resurslari cheklangan va ular charchagan.
Ukrainalik ofitserning ta’kidlashicha, Rossiya oldinga siljishi juda sekin: "Ba’zan kuniga 100 metr harakat qilishadi. Ba’zan esa keyingi binoga yetib borish uchun emaklashadi".
Rossiya kuchlari Pokrovsk va boshqa yirik shaharlarni egallashda qo‘llangan strategiyani qo‘llamoqda: qanotlar bo‘ylab oldinga siljish va ta’minot yo‘llarini kesish. So‘nggi kunlarda Rossiya mudofaa vazirligi shaharning g‘arbidagi qishloqlarni egallaganini e’lon qildi.
Ukrainalik uchuvchisiz samolyot operatori vaziyatni "katta inqiroz" deb ataydi. Rossiya dronlari endi arzon Xitoy dronlaridan foydalanishi mumkin. Ta’minot yetkazib berish juda qiyinlashgan.
Ukraina front chizig‘ini kuzatish loyihasi DeepState Kostyantinivkaning qulashi "vaqt masalasi" ekanligini aytadi. Keyin Kramatorskda qolish "o‘ta xavfli" bo‘ladi.
Yana bir ukrainalik askor o‘z bo‘linmasining yo‘qotishlarni qoplash uchun zarur qo‘shimcha kuch olmayotganini va qo‘mondonlar yo‘qotilgan pozitsiyalar haqida xabar berishni istamasligini aytdi.
Source: www.bbc.com