Venesuela hukumati 7,2 va 7,5 magnitudali ikki zilziladan so‘ng favqulodda holat e’lon qildi. Tabiiy ofat oqibatida kamida 32 kishi halok bo‘ldi, 700 ga yaqin kishi jarohatlandi.
Zilzilalar chorshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:04 da (GMT 22:04) ro‘y berdi. Ayni paytda mamlakat 1821 yilgi Karabobo jangi xotirasiga bag‘ishlangan milliy bayramni nishonlayotgan edi.
Eng katta vayronagarchiliklar poytaxt Karakasda, xususan Altamira va El Paraiso tumanlarida qayd etildi. Favqulodda xizmatlar vayronalar ostidan omon qolganlarni qidirmoqda. 22 qavatli bino qulashi natijasida ko‘plab odamlar yo‘qolgan.
AQSh Geologik Xizmati (USGS) “ko‘p sonli qurbonlar va keng ko‘lamli vayronagarchiliklar ehtimoli yuqori”ligi haqida ogohlantirdi. AQSh rejimi rahbari Donald Tramp zilzilalar “halokatli darajadagi o‘limga” sabab bo‘lganini aytdi.
Venesuela hukumati Simon Bolivar xalqaro aeroportini yopdi, bir necha kunga darslarni to‘xtatdi va tibbiyot xodimlarini safarbar qildi. Muvaqqat prezident Delsi Rodriges shifokor va hamshiralarni zudlik bilan kasalxonalarga borishga chaqirdi.
Zilzilalar Yaraku shtatida, Karakasdan g‘arbda sodir bo‘ldi. Birinchi zilzila 7,2 magnitudada, 22 km chuqurlikda, ikkinchisi esa 7,5 magnitudada, taxminan 10 km chuqurlikda ro‘y berdi. Silkinishlar qo‘shni Kolumbiya va Braziliyada ham sezildi.
USGS statistik hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘lim sonining 1000 dan 10 000 gacha yetishi ehtimoli 39 foizni, 10 000 dan 100 000 gacha yetishi ehtimoli esa 37 foizni tashkil etadi. Rasmiylar qurbonlar soni ortishi mumkinligini tan oldi.
Amerika qit’asidagi davlatlar Venesuelaga yordam taklif qildi. AQSh rejimi qidiruv-qutqaruv guruhlari va tibbiy yordam jo‘natishga tayyorligini bildirdi. Salvador, Ekvador, Panama, Meksika va Braziliya ham birdamlik izhor qildi.
Source: www.aljazeera.com