Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Kecha oqshomga qadar AQSh terma jamoasi Jahon chempionatining eng jozibali jamoalaridan biri edi. Argentinalik murabbiy Maurisio Pochettino shunday jozibali jamoa tuza oldiki, unda futbolchilar pressing uyushtirar, tinimsiz yugurar, xato qilar, ammo har safar qaddini tiklab, oldinga intilardi. Ular xuddi Pochettinoning o‘zi bundan o‘n yillar avval boshqargan Londonning “Tottenhem” klubini eslatardi: biroz bebosh, gohida zerikarli, ammo mutlaqo tirik jamoa.

Keyin esa Folarin Balogun bilan bog‘liq voqea yuz berdi. Amerikalik hujumchining 1/16 final doirasidagi AQSh va Bosniya va Gersegovina o‘rtasidagi uchrashuvda olgan qizil kartochkasi shundoq ham aniq ko‘rinib turgan edi, biroq Belgiya bilan o‘yinga bir necha kun qolganda jazo kutilmaganda “bir yilga kechiktirildi”. Vaziyatga hatto AQSh prezidenti Donald Tramp ham aralashib, hujumchi Belgiyaga qarshi o‘ynay olishi uchun FIFA prezidenti Janni Infantino bilan shaxsan bog‘langanini ma’lum qildi.

Ammo bu “yaxshi niyatlar”ning AQSh terma jamoasi uchun foydasi bo‘lmadi. Jamoaning butun jozibasi xuddi sug‘urib olingadek edi. Muhabbatdan nafratgacha — birgina o‘yin. Unda mezbonlar haqqoniy favoritdan butun tarmoqdagi umumiy nafrat obyektiga aylandi, hatto bukmekerlik idoralari ham ularning g‘alabasiga shubha qilib, Belgiya terma jamoasining imkoniyatlarini yuqori baholay boshladi. “Qizil iblislar” esa bu imkoniyatdan unumli foydalandi.

Belgiya jamoasi atigi bir necha kun avval Senegalga qarshi o‘yinda o‘z futboli girdobiga botib qolgan va so‘nggi daqiqalarda kutilmaganda 1/8 finalga yo‘llanma olgach, o‘zi ham ikkilanishlar ichida edi.

Ammo yangi bahsning ilk daqiqalaridanoq ular Jahon chempionatida qolishga munosib ekanini isbotlashga kirishib ketdi. Yuri Tilemans va Timoti Kastan ketma-ket AQSh darvozaboni Mett Frizni o‘z darvozasini qutqarishga majbur qildi, so‘ngra burchak to‘pidan keyin Sharl de Ketelare havodagi kurashda g‘olib chiqdi va Kastanning uzatmasini gol bilan yakunlashiga hech kim xalaqit bermadi — 1:0.

Amerikaliklar faqat suv ichish uchun berilgan tanaffusdan keyingina o‘ziga keldi. Pressing paydo bo‘ldi, Balogun xavfli jarima to‘pini ishladi, Malik Tilmanning zarbasi esa Hans Vanakenga tegib, rikoshet bo‘lgach, nihoyat mezbonlarga umid bag‘ishladi — 1:1. Ammo bu umid bor-yo‘g‘i bir necha daqiqa yashadi, xolos.

Leandro Trossard to‘pni havolatib uzatdi, de Ketelare yana hammadan chaqqonroq chiqib, gol urdi — 2:1. Translyatsiya rejissyori esa shu payt butun oqshomning eng zo‘r kadrini muhrladi: Pochettino g‘azab ustida ichimliklar qutisini xuddi bugungi oqshom dahshatini undan urib chiqarib yubormoqchidek ayovsiz tepardi.

Ikkinchi bo‘limda AQSh yana o‘yinga qaytishga harakat qildi. Ular o‘yinni hatto raqibga qaraganda faolroq boshladi. Biroq futbol o‘z ishonchini yo‘qotib bo‘lganlarga nisbatan o‘ta shafqatsizdir. Hal qiluvchi vaziyat esa ramziy ma’no kasb etdi: Mett Friz juda oddiy to‘pga yugurib chiqdi, ammo qoqilib, joyida qotib qoldi va de Ketelarega to‘pni oldirib qo‘ydi, Vanaken esa to‘pni bo‘sh qolgan darvozaga xotirjamlik bilan yo‘lladi — 3:1.

Shundan so‘ng, garchi final hushtagi chalinishiga qariyb yarim soat vaqt qolgan bo‘lsa-da, o‘yin amalda tugadi. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan vaqtda Romelu Lukaku hisobni sharmandali 4:1 ko‘rinishiga olib keldi. Atigi bir necha kun avval og‘ir va harakatsiz tuyilgan Belgiya kutilmaganda chempionlik uchun eng xavfli da’vogarlardan biriga aylandi va endi 11-iyul kuni chorak finalda Ispaniya bilan to‘qnashish uchun yo‘l olmoqda.

Bu yerdagi paradoks shundaki, mag‘lubiyat de Ketelarening birinchi golidan yoki Frizning xatosidan boshlangani yo‘q. Hammasi ancha ertaroq boshlangan edi. Futbol ko‘pincha bir oddiy haqiqatni takrorlaydi: stavkalar juda baland bo‘lib ketganda, siyosat o‘yinga aralashishni yaxshi ko‘radi. Ammo futbolning o‘zi bunga doim bir xil javob qaytaradi — u hamma narsani shafqatsizlarcha yana maydonning o‘ziga qaytaradi. U yerda esa hech qanday qo‘ng‘iroqlar, jarangdor familiyalar va imtiyozlar ish bermaydi.

Source: www.gazeta.uz