Pokiston hukumati so‘nggi oylardagi keskinlik "Tolibon bilan ochiq urush"ga aylanganini ma’lum qildi. Ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi munosabatlar 2025-yil kuzida Islomobod "Tolibon"ni terrorchilarga qarshi chora ko‘rmaslikda ayblagandan so‘ng yomonlashdi.
27-fevral kechasi Pokiston Afg‘onistonning bir qancha shaharlari, jumladan poytaxt Kobulga havo hujumlari uyushtirdi. Pokiston mudofaa vaziri Xavodja Osiyf ijtimoiy tarmoq X-da bir necha oylik qurolli to‘qnashuvlardan so‘ng keskinlik "ochiq urush"ga aylanganini yozdi. Axborot vaziri Attaulloh Toror ham armiyaning Kobul, Poktiya va Qandahor viloyatlaridagi nishonlarga zarba berganini tasdiqladi.
Keyinchalik bosh vazir Shahboz Sharif qurolli kuchlarning har qanday tajovuzkor niyatlarga qarshi turish qobiliyatiga ega ekanligini aytdi. U: "Butun millat Pokiston qurolli kuchlari bilan birga" dedi.
O‘tgan hafta Pokiston Afg‘onistonga tungi havo hujumlari uyushtirgan edi. "Tolibon" ma’lumotlariga ko‘ra, natijada kamida 18 kishi, shu jumladan ayollar va bolalar halok bo‘ldi. Islomobodda hujumlar Pokiston-Afg‘oniston chegarasi yaqinidagi taxminiy jangari lagerlarga qaratilgan va Pokiston hududidagi so‘nggi hujumlarga javob bo‘lganini aytdi.
26-fevralda afg‘on toliblari chegara postlariga "keng ko‘lamli hujum" haqida xabar berib, "ko‘plab" pokistonlik harbiylar halok bo‘lganini da’vo qildi. Pokiston tomoni hozircha ikki harbiy xizmatchining o‘limini tasdiqladi.
So‘nggi oylarda Afg‘onistondagi toliblar hukumati va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar keskin yomonlashdi. Islomobod qo‘shni davlatni Pokiston hududida terrorchilik harakatlarini amalga oshiradigan qurolli guruhlarga qarshi chora ko‘rmaslikda ayblaydi. Toliblar bu ayblovlarni rad etadi.
2025-yil kuzida Islomobod Kobuldan "Tehrik-e Tolibon Pokiston" guruhiga qarshi chora ko‘rishni talab qildi – bu "pokiston toliblari" deb nomlanuvchi qurolli tashkilot bo‘lib, afg‘on "Tolibon" bilan yaqin aloqada.
Oktyabr oyida Kobulda ikki portlash sodir bo‘ldi, ular uchun javobgarlikni toliblar Islomobodga yukladi. Shundan so‘ng afg‘on kuchlari chegara punktlaridagi pokistonlik harbiylarga o‘q ochdi. Javoban Pokiston armiyasi og‘ir artilleriya, tanklar va uchuvchisiz samolyotlardan foydalandi, shuningdek, qiruvchi samolyotlarni havoga ko‘tardi.
To‘qnashuvlar 2025-yil oktyabr oyi oxirigacha davom etdi. Keyin Qatar va Turkiya vositachiligida tomonlar o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldilar, ammo keyingi muzokaralar tinchlik kelishuvini imzolashga olib kelmadi.
Source: kun.uz