O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-fevral kuni iqtisodiy taraqqiyot, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchi Suma Chakrabartini qabul qildi. Uchrashuvda "O‘zbekiston — 2030" strategiyasini amalga oshirish, ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, ta’lim tizimini rivojlantirish va investorlar bilan kommunikatsiyalarni yaxshilash muhokama qilindi.
Suma Chakrabarti "O‘zbekiston 24" telekanaliga bergan intervyusida islohotlarning barqaror sur’atlarini saqlab qolishni maqtadi. U Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish, Qazib olish sanoatining shaffofligi tashabbusi (EITI)ga qo‘shilish, Toshkent xalqaro tijorat sudini tashkil etish va Toshkent global rivojlanish forumini o‘tkazish kabi masalalarni muhokama qilganini aytdi.
Chakrabarti JSTga a’zo bo‘lishni "muhim tarixiy qadam" deb atadi. EITI delegatsiyasining Toshkentga yaqin orada tashrifi kutilmoqda. Toshkent xalqaro tijorat sudi investorlar huquqlarini himoya qilish va xalqaro standartlar asosida nizolarni hal qilish uchun mo‘ljallangan.
Prezident tomonidan tasdiqlangan ish dasturida ayollarning mehnat bozoridagi ishtirokini kengaytirish, ta’lim standartlarini tenglashtirish va road show tadbirlarini ko‘paytirish rejalari mavjud. Chakrabarti Londondagi road showni muvaffaqiyatli deb baholadi va Abu Dabida yangi tadbir rejalashtirilganini qo‘shdi.
Source: www.gazeta.uz