Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Isroil hukumati AQSh prezidenti Donald Trampning 20 bandlik “tinchlik rejasi” doirasida Xalqaro Barqarorlik Kuchlarini (ISF) G'azoga kiritishni ma'qulladi. Bu haqda Isroil rasmiysi yakshanba kuni ma'lum qildi.

Isroil xavfsizlik kabineti asosiy huquqiy choralarni tasdiqladi va kuchlar “Isroil armiyasi bilan to'liq muvofiqlashtirilgan holda” faoliyat yuritishi aytildi. Reuters agentligiga ko'ra, ISF tarkibiga Uganda va Marokash kabi “do'st davlatlar”dan 200 kishi kiradi.

Kabinet Isroil qaysi davlatlar kuch yuborishi mumkinligini tasdiqlash huquqiga ega bo'lishini belgiladi. Tramp kelishuvi amalga oshirilgach, Isroil G'azoga kim kirishi va chiqishi, shuningdek, yordam va oziq-ovqat miqdorini nazorat qiladi.

G'azodagi ikki yillik genotsid urushidan so'ng, oktyabrda “sulh” kelishilgan bo'lsa-da, Isroil harbiylari tomonidan falastinliklarni o'ldirish haqidagi xabarlar deyarli har kuni kelib tushmoqda. Falastin Sog'liqni saqlash vazirligi kelishuv amalga oshirilgandan beri 1200 falastinlik o'ldirilgani va 3888 kishi yaralanganini xabar qiladi.

Reja, shuningdek, G'azoni boshqarish va qayta qurishni nazorat qilish uchun xalqaro “Tinchlik Kengashi”, texnokratik boshqaruv organi sifatida G'azani boshqarish milliy qo'mitasi (NCAG) tuzilishini, Hamasni qurolsizlantirish va Isroilning G'azodan chiqib ketishini nazarda tutadi.

G'azo Tinchlik Kengashi bosh direktori, sobiq Bolgariya tashqi ishlar vaziri Nikolay Mladenov bu qarorni olqishladi. U Isroilning kuchlarni joylashtirishga ruxsat berishini “G'azoni barqarorlashtirish, qurolsizlantirishni qo'llab-quvvatlash va NCAG ostida samarali Falastin muvaqqat boshqaruviga o'tishni ta'minlash uchun kelishilgan asosning muhim qismi” deb atadi.

Kabinet ma'qullashi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning Vashingtonga jo'nashidan bir kun oldin ro'y berdi. Isroil hozirda G'azoning 70 foizini egallab turibdi. Uning ikki millionga yaqin aholisi torayib borayotgan hududda yashashga majbur. ISF Isroil nazorati ostida bo'lmagan hududlarda faoliyat yuritadi.

Source: www.aljazeera.com