Ozarbayjon sudi mustaqil internet-nashr Toplum TVning to‘qqiz nafar xodimini uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Nashr asoschilaridan ikkitasi 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi, qolgan yetti nafar xodim esa 12 yildan 14 yilgacha qamoq jazosiga tortildi.
Sud hukmiga ko‘ra, Toplum TV asoschilari Akif G‘urbonov va Ruslan Izzatli 15 yilga, qolgan xodimlar – jurnalistlar, muharrirlar, loyiha koordinatorlari va nashr asoschisi Alaskar Mammadli esa 12 yildan 14 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilindi.
Sud ularni pul mablag‘larini kontrabanda qilish, noqonuniy tadbirkorlik, jinoiy daromadlarni legallashtirish, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash va hujjatlarni qalbakilashtirishda aybdor deb topdi.
Toplum TV muharrirlari ayblovlarni rad etib, jinoiy ta’qib ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liqligini ta’kidlamoqda. Xalqaro huquq himoyasi tashkilotlari esa ishni siyosiy motivli deb baholamoqda.
Toplum TV Ozarbayjon amaldorlari o‘rtasidagi korrupsiya, iqtisodiyot, senzura va ijtimoiy muammolar haqidagi tergovlari bilan tanilgan. 2024-yil mart oyida nashrda tintuvlar o‘tkazilgan va ko‘pchilik xodimlar hibsga olingan edi.
Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida Marg‘ilon shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudi Xalqparvar Guruhi maxsus muxbiri Elyorbek Tojiboyevni qattiq rejimdagi koloniyada to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi. Jurnalist Jinoyat kodeksining olti moddasi bo‘yicha aybdor deb topilgan.
Source: podrobno.uz