Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Ukraina poytaxti Kiyevda 15-iyun kuni ertalab Rossiya tomonidan otilgan 70 ta raketadan biri Mariya Prokopchukning turar-joy binosi ustida portladi. Portlash mahallani larzaga soldi, yuzlab derazalarni sindirdi va besh kishining hayotiga zomin bo‘ldi.

Shifokor Prokopchukning so‘zlariga ko‘ra, shisha parchalari uning bosh suyagiga uch santimetr yetmay qolgan. U portlashdan qo‘rqmagan bo‘lsa-da, derazalarning yo‘qligi uyini o‘g‘rilar uchun nishonga aylantirishidan xavotirda edi.

Dobrobat („Mehribonlik bataloni“) ko‘ngillilari bir necha soat ichida yetib kelib, vayronalarni tozalab, derazalarni vaqtinchalik taxta bilan yopdilar. Guruh vakili Vadim Severynning aytishicha, 55 mingdan ortiq ko‘ngilli bir milliondan ziyod ukrainaliklarga uylarini tiklashda yordam bergan.

Ko‘ngillilar orasida shvetsiyalik nafaqadagi temirchi Lars Fersters ham bor. U Ukrainadagi vahshiyliklardan xabar topgach, yordam berishga qaror qilgan. „Men g‘azablandim va o‘zimga: „Nima qila olaman?“ deb so‘radim“, deydi 70 yoshli Fersters.

Amerikalik sartarosh Jason Hercula esa Ukrainaga kelish uchun plazmasini sotgan. „Ikki marta uyim yonib ketgan, shuning uchun odamlarning uylariga tezroq qaytishiga yordam berishni xohlayman“, deydi u.

Dobrobatdan tashqari, millionlab ukrainaliklar ko‘ngillilar harakatida qatnashadi: ular dronlar, jiletlar, tungi ko‘zoynaklar, tibbiy yordam va boshqa zarur narsalarni yetkazib beradi. Maktab o‘quvchilari ham xandaq shamlarini tayyorlash va kamuflyaj to‘rlarini to‘qish bilan shug‘ullanadi.

Ko‘ngillilar tezligi ko‘pincha byurokratiya va korrupsiyaga botgan davlat idoralaridan ustun turadi. Bir askarning so‘zlariga ko‘ra, „ko‘ngillilar bilan ish bitadi, davlat bilan esa 50/50 imkoniyat“.

Source: www.aljazeera.com