Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Yaponiyaning Kumamoto prefekturasida 28 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 16:27da magnitudasi 7,1 bo‘lgan kuchli zilzila yuz berdi. CNN maʼlumotlariga ko‘ra, zilzila o‘chog‘i taxminan 10 kilometr chuqurlikda joylashgan bo‘lib, asosiy zarbadan keyin 60 dan ortiq aftershok qayd etilgan.

Halok bo‘lganlar soni 13 kishiga yetdi, yuzlab kishilar jarohatlandi, o‘nlab kishilar esa bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlardan 10 mingga yaqin aholi evakuatsiya qilindi.

Qutqaruv ishlariga 3,6 mingga yaqin Yaponiya Mudofaa kuchlari harbiylari jalb etilgan. Asosiy eʼtibor Aeon savdo markazidagi vayronalarni tozalashga qaratilgan bo‘lib, u yerda gaz sizib chiqishi natijasida portlash yuz bergan va ikkinchi qavat qisman qulagan. Sakkiz kishi qutqarildi, ammo vayronalar ostida hali ham odamlar bo‘lishi mumkin.

Yatsushiro shahridagi Nippon Paper Industries sellyuloza-qog‘oz korxonasida ham qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda, u yerda mo‘ri qulashi natijasida odamlar ostida qolgan.

Zilzila infratuzilmaga jiddiy zarar yetkazdi: asosiy magistrallardan biridagi ko‘prik cho‘kib deformatsiyalangan, yo‘llarda chuqur yoriqlar paydo bo‘lgan, Yatsushiro stansiyasi hududida yuk poyezdi relsdan chiqib ketgan. Taxminan 37 ming uy elektr energiyasidan uzilgan, bir qator hududlarda suv taʼminoti va aloqada uzilishlar kuzatilmoqda. Shuningdek, “Sinkansen” tezyurar poyezdlari harakati to‘xtatilgan, o‘nlab aviaqatnovlar bekor qilingan, Kumamoto aeroporti vaqtincha ishini cheklagan.

Zilzila oqibatlari tufayli TSMC, Sony, Fujifilm, Tokyo Electron va Honda kabi yirik kompaniyalar korxonalari faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan yoki xodimlarini evakuatsiya qilgan.

Epitsentrdan taxminan 100 kilometr uzoqlikda joylashgan Senday AESda normal ishdan chetlanishlar qayd etilmagan. MAGATE yadroviy xavfsizlikka tahdid yo‘qligini maʼlum qildi. Tsunami haqidagi ogohlantirish olib tashlangan, biroq Yaponiya meteorologiya agentligi yangi kuchli aftershoklar va ko‘chki xavfi yuqoriligini bildirgan.

Yaponiya dunyodagi eng seysmik xavfli mamlakatlardan biri hisoblanadi – bu yerda har yili turli kuchdagi 1500 ga yaqin zilzila qayd etiladi. Oxirgi marta Kumamoto prefekturasida halokatli zilzilalar 2016 yilda sodir bo‘lib, 278 kishining hayotiga zomin bo‘lgan edi.

Source: podrobno.uz