Financial Times nashri xabariga ko'ra, Donald Tramp ma'muriyati joriy yil davomida Venesuela nefti savdosidan 13 milliard dollardan ortiq daromad yig'gan, biroq bu mablag'larning qanday sarflanayotgani shaffof emas.
Yanvar oyida AQSh Venesuelaning sobiq prezidenti Nikolas Maduroni hibsga olib, vitse-prezident Delsi Rodrigesni mamlakat rahbari etib tayinladi. Shundan so'ng Tramp ma'muriyati Venesuela neft eksporti ustidan nazoratni o'z qo'liga oldi va ayrim sanksiyalarni bekor qildi.
Neft daromadlari Venesuela yalpi ichki mahsulotining taxminan chorak qismini tashkil etadi. Sanksiyalarning yumshatilishi iqtisodiyotga katta turtki berishi kutilgan edi, biroq olti oy o'tgach, iqtisodiy tiklanish alomatlari deyarli sezilmayapti. Bu AQSh neft daromadlarini Karakasga to'liq qaytarmaganligidan dalolat berishi mumkin.
Vashington bu mablag'lar taqdiri haqida turli bayonotlar bermoqda: ba'zida ularni "vaqtinchalik saqlovchi" deb ataydi, boshqa paytlarda esa Tramp AQSh neftdan "katta pul ishlayotgani"ni aytadi. Kongressning ikkala partiya vakillari ham ma'muriyatdan mablag'lar qayerga yo'naltirilgani va korrupsiyaning oldini olish choralari haqida tushuntirish talab qilmoqda.
Demokrat kongressmen Xoakin Kastro FTga bergan intervyusida: "Trampning Venesuelaga bostirib kirishi boshidanoq neft, hokimiyat va korrupsiya bilan bog'liq bo'lgan. Venesuelaning milliardlab dollarlik neft daromadlari Tramp ma'muriyati tomonidan shaffoflik va kafolatlarsiz nazorat qilinmoqda", degan. U, shuningdek, bu ma'lumotlar Kongressga ochiqlanmayotganini qo'shimcha qilgan.
FT mustaqil hisob-kitoblarga tayanib, daromadlar 13 mlrd dollardan oshishi mumkinligini yozgan. Tramp esa javoban daromadlar "hatto bundan ham ko'proq" ekanini aytgan. Venesuela hukumati neft savdosidan tushgan daromadlarni kuzatish uchun maxsus veb-sayt ishga tushirgan, biroq unda faqat mart oyidagi 300 mln dollarlik o'tkazma qayd etilgan.
24-iyun kuni mamlakatda sodir bo'lgan ikkita vayronkor zilzila neft daromadlari taqdirini yanada dolzarb qildi. BMT hisob-kitoblariga ko'ra, binolar va infratuzilmaga yetkazilgan zarar 37 mlrd dollarni tashkil etadi. AQSh tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun 386 mln dollar yordam ajratdi va yuzlab askarlarini yubordi.
Obama ma'muriyatida Oq uyning Lotin Amerikasi bo'yicha sobiq yuqori martabali mulozimi Benjamin Gedanning fikricha, agar demokratlar noyabrda Kongress nazoratini qo'lga kiritsa, neft mablag'larini tekshirish imkoniyatiga ega bo'ladi.
AQSh rasmiylariga ko'ra, neft mablag'lari ustidan nazorat Rodrigesga ta'sir o'tkazish maqsadida qo'llanilmoqda. 15-iyul kuni Kongress tinglovida Davlat departamenti xodimi Maykl Kozak: "Bu ularning puli, lekin ular bizdan ruxsat olishlari kerak", degan. Uning so'zlariga ko'ra, mablag'lar davlat xizmatchilari maoshlari va neft sanoati uskunalari kabi xarajatlarni qoplashga yo'naltirilgan.
Ko'plab iqtisodchilar bu yil Venesuela iqtisodiyoti jadal tiklanishini kutishgan, biroq birinchi chorakdagi 2,5 foizlik o'sish so'nggi besh yildagi eng past ko'rsatkich bo'ldi. Mutaxassis Fransisko Rodriges bu holatni AQSh neft daromadlarini to'liq o'tkazmagani bilan bog'laydi. Ecoanalítica direktori Alexandro Grisanti esa zilzila tiklanishni kelasi yilning o'rtalariga surib yuborishi mumkinligini ta'kidlagan.
Source: www.gazeta.uz