Hindistonning shimolidagi Uttar-Pradesh shtatida joylashgan petarda zavodida sodir bo‘lgan kuchli portlash oqibatida kamida 11 kishi halok bo‘ldi, ularning sakkiz nafari bolalardir. Mahalliy politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida eng yoshi bor-yo‘g‘i to‘rt yoshli bola ham bor. Jabrlanganlar shifoxonalarga yetkazilgan va ularga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Portlash oqibatida bir nechta uy butunlay vayron bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda portlash joyidagi vayronagarchiliklar, qulagan devorlar ostida qolgan odamlar va chang-to‘zon ichida qolgan omon qolganlar aks etgan. Qutqaruvchilar ekskavatorlar va boshqa vositalar yordamida vayronalar ostidan tirik qolganlarni qidirmoqda.
Portlash sababi hozircha noma’lum. Uttar-Pradesh bosh vaziri Yogi Adityanath ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida jabrlangan oilalarga har tomonlama yordam ko‘rsatish va yaradorlarni davolashni ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilganini ma’lum qildi.
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi ham ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida “insonlarning halok bo‘lishidan juda qayg‘urganini” bildirib, halok bo‘lganlarning oilalariga va jarohatlanganlarga kompensatsiya to‘lashni va’da qildi.
Hindistonda petarda sanoati yuz minglab odamlarni ish bilan ta’minlaydi va mamlakat bu sohada jahon miqyosida yirik o‘yinchi hisoblanadi. Xalqaro Mehnat Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘plab zavodlar uy sharoitida joylashgan bo‘lib, xavfsizlik talablariga javob bermaydi va ularda bolalar mehnatidan foydalaniladi.
Bu Hindistondagi petarda zavodida avgust oyida sodir bo‘lgan uchinchi portlashdir. Bugungi portlash eng ko‘p qurbonlar bergani bilan ajralib turadi.
Source: www.aljazeera.com