Gretsiyada kuchli shamol tufayli yong‘inlar yana ham avj oldi. Mamlakat bo‘ylab 70 dan ortiq hududda yong‘inlar qayd etilgan bo‘lib, o‘t o‘chiruvchilar qutqaruv ishlarini davom ettirmoqda.
Afinadan 70 kilometr shimoli-g‘arbda joylashgan Viotiya viloyatidagi Porto Germeno kurort hududida yong‘in juma kuni boshlangan. Yong‘in qirg‘oq bo‘yidagi Agios Vasileios qishlog‘i yaqinida kelib chiqqan.
Yong‘inni o‘chirish uchun 300 dan ortiq o‘t o‘chiruvchilar jalb etilgan. O‘t o‘chiruvchilar yong‘inning Porto Germeno hududiga tarqalishini oldini olishga harakat qilmoqda. Yong‘in xizmati vakilining aytishicha, olov dengizgacha yetib borgan va ba’zi uylarga zarar yetgan.
“Shamol juda kuchli. Samolyotlar imkon qadar harakat qilmoqda, biroq ba’zilari ishlay olmayapti va Peloponnesdagi boshqa yong‘inga o‘tkazilgan”, deydi o‘t o‘t o‘chiruvchilar vakili.
Afina milliy observatoriyasi ma’lumotlariga ko‘ra, shanba kuni shamol tezligi soatiga 130 kilometrga yetgan. Bu esa o‘t o‘chiruvchilarning ishini yanada qiyinlashtirmoqda.
Fiv shahri meri Giorgos Anastasiou “ekologik zarar juda katta” deb ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in natijasida katta maydonlar yonib ketgan.
Hafta davomida Gretsiyaning ko‘plab hududlarida, jumladan Krit orolida ham yong‘inlar sodir bo‘ldi. Kritda 5 ming gektar maydon yonib ketgan. Hozirgacha uch nafar o‘t o‘chiruvchi halok bo‘lgan.
Gretsiya o‘t o‘chiruvchilari eng yuqori shaylik darajasida ishlamoqda. Attika yarim oroli va Evia orolida yong‘in xavfi ayniqsa yuqori.
Yevropaning bir qancha davlatlarida ham yozgi jazirama va kam yog‘ingarchilik tufayli yirik yong‘inlar kuzatilmoqda.
Source: www.dw.com