AQSh hukumati 3 avgustdan boshlab 50 davlat fuqarolari uchun turistik va biznes vizalarini rasmiylashtirishda doimiy asosda garov to‘lovlarini joriy etmoqda. Bu haqda AQSh Davlat departamenti rasmiy bayonotida ma’lum qildi.
Yangi qoidaga ko‘ra, garov miqdori 20 ming dollargacha yetishi mumkin. Har bir holatda aniq summani konsullik xodimi belgilaydi. Garov vizadan foydalanish qoidalariga rioya qilish kafolati sifatida talab qilinadi.
Davlat departamenti izohiga ko‘ra, agar shaxs mamlakatni o‘z vaqtida tark etsa, vizadan foydalanmasa yoki kirishga ruxsat olmasa, pul to‘liq qaytariladi. Biroq, qolish muddatini buzgan taqdirda, mablag‘lar ushlab qolinishi mumkin.
Ro‘yxatga Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, shuningdek, Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasi davlatlari kiritilgan. Avvalroq ushbu dastur sinov rejimida ishlagan bo‘lib, garov miqdori 5 dan 15 ming dollargacha bo‘lgan.
AQSh ma’murlari bu qarorni vizali rejim buzilishlari, jumladan, muddatni uzaytirish holatlarini kamaytirish zarurati bilan izohlamoqda. Shu bilan birga, O‘zbekiston fuqarolari uchun AQSh qishloq xo‘jaligida mavsumiy ishlarga H-2A vizalari orqali kirish imkoniyati yaratilayotgani ham xabar qilingan edi.
Source: podrobno.uz