AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati universitetlar uchun xorijlik talabalarga amaliyot o'tash bo'yicha ayrim turdagi ruxsatnomalar berilishini cheklashga qaratilgan ko'rsatma xatini e'lon qildi. Reuters agentligining xabariga ko'ra, federal hukumat ushbu qoidalarga rioya qilmagan kollej va oliygohlar xorijlik talabalarni qabul qilish huquqini beruvchi sertifikatdan mahrum bo'lishi mumkinligidan ogohlantirgan.
24-avgust sanasi bilan qayd etilgan federal ko'rsatmada aytilishicha, AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati agentligi (ICE) tarkibiga kiruvchi Talabalar va almashinuv dasturlari tashrifchilari bo'yicha dastur (SEVP) “o'quv dasturining ajralmas qismi bo'lgan amaliyotgagina ruxsat beruvchi me'yoriy talablarni buzayotgan ko'rinishdagi CPT (Curricular Practical Training — o'quv dasturi doirasidagi amaliy mashg'ulotlar) ruxsatnomalari soni ortib borayotganini kuzatgan”.
“SEVP qoidalariga rioya qilmaslik oliy ta'lim muassasasining chet ellik talabalarni qabul qilish bo'yicha sertifikati bekor qilinishiga olib kelishi mumkin”, — deyiladi xatda. Ushbu ogohlantirish ortidan Los Anjelesdagi Kaliforniya universiteti (UCLA) va Berklidagi Kaliforniya universiteti (UC Berkeley) kabi qator oliy o'quv yurtlari xorijlik talabalar uchun ishlashga ruxsat berish bo'yicha ayrim arizalarni qabul qilishni vaqtincha to'xtatdi.
“UCLA so'nggi federal ko'rsatmalarni o'rganib chiqish va keyingi qadamlarni belgilash maqsadida muayyan CPT ruxsatnomalarini berishni vaqtincha to'xtatib qo'ydi”, — dedi UCLA matbuot kotibi. UC Berkeley xalqaro bo'limi 24-avgustdagi ko'rsatmani “mazmunan torroq, to'g'ridan to'g'ri va ko'proq cheklovchi tusga ega” deb baholadi. Federal hukumat avgust oyi o'rtalarida ham shu kabi xabarnoma chiqargandi.
UC Berkeley xalqaro bo'limi “yaqin kelajakda” ayrim ishlash ruxsatnomalari arizalarini ko'rib chiqish ehtimoli juda past ekanini bildirib, xorijlik talabalarni shunga mos ravishda reja tuzishga chaqirgan. Shu bilan birga, universitet “dastur talabi” bo'lgan CPT ruxsatnomalarini odatdagidek rasmiylashtirishda davom etishini hamda “Doktorlik dissertatsiyasi va magistrlik tezislari bo'yicha tadqiqot CPT”larini ko'rib chiqishni qayta tiklashini ma'lum qildi. Bo'lim yangi federal talablarga mos keladigan tartiblarni ishlab chiqish uchun huquqshunoslar bilan maslahatlashishini bildirdi.
“Ushbu qoidalarda hech narsa o'zgargani yo'q”, — deyiladi ICE agentligining bosh organi bo'lgan AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi bayonotida. “Biroq universitetlar va ish beruvchilar ogohlantirilganini hisobga olishlari kerak: prezident Tramp davrida bunday saxiy tizimni suiiste'mol qilishga ortiq toqat qilinmaydi”.
Tramp Isroilning G'azodagi hujumlariga qarshi o'tkazilgan Falastin tarafdori bo'lgan namoyishlar, xilma-xillik tashabbuslari, iqlim dasturlari va boshqa masalalar tufayli oliygohlarni tergovlar va moliyalashtirishni to'xtatish tahdidlari bilan nishonga olmoqda. Huquq himoyachilari bu borada so'z erkinligi, akademik erkinlik va tegishli huquqiy jarayonlarning buzilishi yuzasidan xavotir bildirmoqda.
Shuningdek, Tramp ma'muriyati Falastin tarafdori bo'lgan va antisemitizm hamda ekstremistlarga xayrixohlik deb baholangan norozilik namoyishlarida qatnashgan talabalarning vizalarini ham bekor qilmoqda. Namoyishchilar, jumladan, ayrim yahudiy guruhlari ham Isroilning G'azoga hujumi va Falastin hududlarini bosib olishiga qarshi chiqish antisemitizm emasligini, Falastin huquqlarini himoya qilish esa ekstremizmni qo'llab-quvvatlash bilan bir narsa emasligini bildirmoqda.
Source: www.gazeta.uz