Hindiston 1960-yilgi Indus suv shartnomasi bo'yicha Gaagadagi hakamlik sudining qarorini rad etib, ushbu kelishuvning kelajagini yana bir bor shubha ostiga qo'ydi. Hindiston Tashqi ishlar vazirligi tribunalni "noqonuniy tuzilgan" deb atab, uning qarorini "qat'iy rad etishini" bildirdi.
Pokiston bu qarorni olqishlab, Hindiston shartnoma bo'yicha majburiyatlarini bajarishi kerakligini ta'kidladi. Pokiston Bosh vaziri o'rinbosari va tashqi ishlar vaziri Ishoq Dorning so'zlariga ko'ra, hakamlik qarori Hindistonning shartnomani to'xtatishga urinishlarini "qat'iy rad etadi" va kelishuv "to'liq kuchda va ikkala tomon uchun majburiy" ekanligini tasdiqlaydi.
Indus suv shartnomasi Jahon banki vositachiligida tuzilgan bo'lib, Hindiston va Pokiston hududidan oqib o'tadigan oltita daryo suvidan foydalanishni tartibga soladi. Kelishuvga ko'ra, Hindiston sharqiy uchta daryoga, Pokiston esa g'arbiy Indus, Jhelum va Chenab daryolariga egalik qiladi. Hindistonga g'arbiy daryolardan ma'lum maqsadlarda, jumladan, gidroelektr loyihalari uchun foydalanishga ruxsat berilgan.
2025-yil aprel oyida Hindiston ma'muriyati Kashmirning Hindiston nazoratidagi qismida sodir etilgan hujumdan so'ng shartnomani to'xtatib qo'ygan edi. Hindiston bu hujumda Pokistonni ayblagan, Pokiston esa bu ayblovlarni rad etgan. Pokistonning millionlab aholisi ichimlik suvi, qishloq xo'jaligi va kundalik hayot uchun shu daryolarga bog'liq.
Ekspertlarning fikricha, Hindistonning bu qarori siyosiy bosim vositasi sifatida muhim, ammo g'arbiy daryolar oqimini o'zgartirish uchun zarur infratuzilma mavjud emas. Manohar Parrikar mudofaa tadqiqotlari instituti katta ilmiy xodimi Uttam Kumar Sinxaning ta'kidlashicha, Hindiston endi shartnomaning talqini haqida emas, balki uning nizolarni hal qilish mexanizmining vakolati haqida bahslashmoqda.
Pokistonlik tahlilchilar esa bu qaror Pokistonga ma'naviy ustunlik berishini, ammo Hindiston rad etgan taqdirda uni amalga oshirish qiyinligini tan olishmoqda. King's College Londonning urush tadqiqotlari bo'limi katta ilmiy xodimi Ayesha Siddiqoning so'zlariga ko'ra, hakamlik sudining qarori majburiy kuchga ega emas, chunki sudning ijro mexanizmi yo'q.
Source: www.dw.com