Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil havo kuchlari Livan janubidagi qishloqlardan biriga kechasi hujum qilgan, natijada kamida 9 kishi halok bo‘lgan.

Kfar Rummon qishlog‘idagi birinchi zarba uch qavatli turar-joy binosini vayron qilgan. Vazirlikning xabar berishicha, halok bo‘lganlar orasida bir bola va ikki ayol ham bor. Ikkinchi zarba esa tez yordam mashinasiga tegib, bitta feldsherni o‘ldirgan.

Isroil harbiylari bu xabarlarni o‘rganayotganini bildirgan. Yakshanba kuni esa Isroilning Livan janubidagi zarbalari natijasida 7 kishi halok bo‘lgandi. Isroil harbiylari bu hujumlarni Hizbulloh guruhining ishg‘ol qilingan hududlardagi harbiy xizmatchilarga uchuvchisiz samolyotlar bilan qilgan hujumlariga javob deb izohlagan.

Livan prezidenti Jozef Aun bu “xavfli keskinlashuv” iyun oyida AQSh vositachiligida imzolangan sulh bitimini xavf ostiga qo‘yayotganini aytib, xalqaro hamjamiyatni Isroilga bosim o‘tkazishga chaqirgan.

Kfar Rummon aholisidan Sara Moallaemning so‘zlariga ko‘ra, u besh farzandi bilan uyida uxlayotganda portlashlarni eshitgan. U darhol bolalarini xavfsiz xonaga olib kirgan. Uning qarindoshlari ham halok bo‘lganlar orasida bo‘lib, ular Hizbullohga aloqasi bo‘lmagan tinch fuqarolar ekanini ta’kidlagan.

Sara oilasini Sidon shahriga ko‘chirishni rejalashtirayotganini aytgan: “Kunduzi deyarli normal, odamlar kelib-ketishadi. Ammo kechga yaqin vaziyat keskinlashadi, bolalarim qo‘rqishadi. Men oltinchi yoki yettinchi marta yuk yig‘yapman. Bu dahshatli.”

Isroil tashqi ishlar vazirligi Hizbullohni “takroriy uchuvchisiz samolyot hujumlari” va “janubiy Livanda harbiy salohiyatini tiklashga urinish”da ayblab, sulh bitimini buzganini da’vo qilgan.

Uch tomonlama kelishuvga ko‘ra, Hizbulloh qurolsizlantirilishi, Isroil qo‘shinlari janubiy Livandan bosqichma-bosqich chiqib ketishi va Livan armiyasi hududga joylashishi kerak. Mojaro boshlanganidan beri Livanda kamida 4,362 kishi halok bo‘lgan, Isroil tomonida esa 40 askar va 4 tinch fuqara qurbon bo‘lgan.

Source: www.bbc.co.uk