O‘zbekistonda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlari 2027-yil 1-iyuldan boshlanishi belgilandi. Bu haqda mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoyev soha vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, aholi salomatligi bilan bog‘liq nozik yo‘nalishda qat’iy tartib va aniq nazorat o‘rnatilishi shart, bu faoliyat bilan esa faqatgina chinakam professionallar shug‘ullanishi lozim.
Yangi tartibga ko‘ra, 2027-yil 1-iyuldan 2030-yil 1-yanvargacha bo‘lgan davrda ro‘yxatdan o‘tish ixtiyoriy tarzda amalga oshiriladi. 2030-yildan boshlab esa bu talab majburiy tus oladi va tegishli litsenziyasiz shug‘ullanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ro‘yxatdan o‘tgan shifokorlar va farmatsevtlarning oylik maoshiga 7 million so‘mdan, hamshiralarga esa 3,5 million so‘mdan qo‘shimcha ustamalar to‘lanishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, islohotlar doirasida shifoxona va poliklinika rahbarlari hamda xodimlarining faoliyati KPI ko‘rsatkichlariga bog‘lanadi. Birlamchi bo‘g‘in xodimlarining malakasini oshirish xarajatlari to‘liqligicha davlat tomonidan qoplanib, tumanlarda ishlaydigan 130 mingdan ortiq tibbiyot xodimining mablag‘i o‘zida qolishi ta’minlanadi.
Source: www.gazeta.uz