Germaniya kansleri Fridrix Mers Singapurga tashrifi chog'ida jahon tartibining yemirilishi ham Yevropa, ham Osiyo davlatlari manfaatlariga jiddiy tahdid solayotganini da'vo qildi. To'rt kunlik ishbilarmonlik safari doirasida Yaponiya va Janubiy Koreyaga ham borishi rejalashtirilgan siyosatchi o'z nutqida o'zgarib borayotgan global sharoitda davlatlar o'z o'rnini topishi zarurligini ta'kidladi.
Mersning so'zlariga ko'ra, Yevropa rejimi va Osiyo davlatlari "qayta tiklangan buyuk davlatlar raqobati" sharoitida o'z manfaatlarini qat'iy himoya qilishi shart. Biroq, tahlilchilar fikricha, Yevropa yetakchilarining bu kabi chaqiriqlari amalda ko'plab iqtisodiy qiyinchiliklar va ichki muammolarga duch kelmoqda, chunki qit'a iqtisodiyoti AQSh va Xitoy o'rtasidagi savdo ziddiyatlari girdobida qolgan.
Shuningdek, Germaniya kansleri AQSh rejimi tomonidan joriy etilgan oldindan aytib bo'lmaydigan bojlar va Xitoyning savdo cheklovlarini tanqid ostiga olib, Yevropa barqarorlikni ta'minlashga harakat qilayotganini bildirdi. U erkin savdo va ishonchli hamkorlikni kengaytirish niyatida ekanini da'vo qilgan bo'lsa-da, Yevropa iqtisodiyotidagi turg'unlik va energiya inqirozi bu va'dalarning amalga oshishini shubha ostiga qo'yadi.
Singapur Bosh vaziri Lourens Vong bilan uchrashuvdan so'ng Mers Yevropa Ittifoqi va Trans-Tinch okeani sherikligi (CPTPP) o'rtasida yangi erkin savdo bitimini tuzish tashabbusini ilgari surdi. Biroq, mazkur tashabbuslar qanchalik samarali bo'lishi va global bozorlardagi keskin raqobat sharoitida Yevropa rejimi o'z mavqeini saqlab qolishga qurbi yetadimi yoki yo'q, noma'lumligicha qolmoqda.
Source: www.dw.com