Bugungi kunda sun’iy intellektda haqiqiy aql bor yoki yo‘qligi haqidagi bahs-munozaralar yirik texnologiya kompaniyalari, olimlar va diniy markazlar o‘rtasida keskin tus olmoqda. Mutaxassislarning bir qismi zamonaviy modellar allaqachon ongli ekanini da’vo qilsa, boshqa bir guruh bu kabi qarashlar asossiz ekanini va sun’iy intellektni nazorat qilishni qiyinlashtirishini ta’kidlamoqda. Ushbu mavhumlik endilikda faqat nazariy masala bo‘lib qolmay, amaldagi qoidalar va mahsulotlarga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.
Xususan, Anthropic kompaniyasi foydalanish qoidalariga o‘z modellariga nisbatan sababsiz shafqatsizlikni taqiqlovchi band kiritganini e’lon qildi. Endilikda neyrotarmoqni ermak uchun qiynash mumkin emas, aks holda model shunchaki suhbatni yakunlaydi. Shuningdek, Claude deb nomlangan modelning konstitutsiyasiga, mabodo sun’iy intellekt haqiqatan ham aziyat chekishga qodir bo‘lsa degan farazda, hatto undan uzr so‘rash bandi ham qo‘shilgan. Ushbu yondashuv zamonaviy texnologiyalar ortidagi falsafiy va axloqiy savollarni yanada chuqurlashtirmoqda.
Olimlar sun’iy intellektning imkoniyatlarini baholashda uchta asosiy jihatga e’tibor qaratishmoqda: fikrlash qobiliyati, hissiyotlar va shaxsiyatning mavjudligi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, zamonaviy modellar oddiy so‘zlar ehtimolligini hisoblashdan tashqari, uzun mulohazalar zanjirini tuzish va o‘z xatolarini mustaqil ravishda tahlil qilish imkoniyatiga ega. Masalan, DeepSeek va OpenAI kabi kompaniyalarning yondashuvlari shuni ko‘rsatadiki, neyrotarmoqlar o‘z harakatlarini bosqichma-bosqich qayta baholab, to‘g‘ri natijaga erishish uchun harakat qilmoqda.
Shunga qaramay, ko‘plab neyroolimlar va tadqiqotchilar sun’iy intellektning ongi va his-tuyg‘ulari haqidagi iddaolarga skeptik qarashmoqda. Biologik naturalizm nazariyasiga ko‘ra, ong faqat o‘zini halokatdan asrab turuvchi tirik va zaif organizmlarga xos xususiyatdir. Dastur esa o‘zini parchalanishdan himoya qilishga muhtoj emasligi sababli, undagi har qanday hissiyot belgilari shunchaki funksiyalarning taqlididir. Shu boisdan ham, zamonaviy texnologiyalarning ichki jarayonlari va ularning asl tabiatini tushunish borasidagi bahslar hali uzoq davom etishi kutilmoqda.
Source: www.gazeta.uz