O'zbekistonlik shifokor va olima Hafiza Yusupova Yevropa kardiologlar jamiyatining (ESC) Ta'lim va kasbiy rivojlanish qo'mitasiga (Education and Professional Development Committee) rasman taklif qilindi. Mazkur tayinlov o'zbekistonlik mutaxassisning ushbu nufuzli tuzilma ishida ishtirok etishi bo'yicha tarixdagi ilk holat ekani ta'kidlanmoqda.
Taklifnoma ESC prezidenti, professor Sesiliya Linde va qo'mita raisi Emma Svennberg tomonidan yuborilgan bo'lib, qo'mita yangi tarkibining vakolati 2026-yil sentyabridan 2028-yil avgustigacha bo'lgan davrni o'z ichiga oladi. Mazkur qo'mita Yevropa kardiologlar jamiyatining ta'lim strategiyasini shakllantirish, uzluksiz tibbiy ta'lim, sertifikatlash va akkreditatsiya masalalari bilan shug'ullanadi.
Hafiza Yusupova O'zbekiston Respublikasi ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining ilmiy kotibi bo'lib, tibbiyot fanlari bo'yicha PhD ilmiy darajasiga ega. U arterial gipertenziya, kognitiv buzilishlar hamda molekulyar-genetik tadqiqotlar yo'nalishlarida ilmiy faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, u Italiyaning nufuzli Paduya universitetining yurak-qon tomir patologiyasi magistratura dasturini ham tamomlayotgan mutaxassislar qatoridadir.
Mutaxassisning xalqaro miqyosdagi ilmiy ishlari, jumladan Orolbo'yi mintaqasida nazorat qilinmaydigan arterial gipertenziyani o'rganishga bag'ishlangan ma'ruzalari bundan avval ham xalqaro kongresslarda taqdim etilgan. Shuningdek, uning tadqiqotlari Yaponiya sirkulyatsiya jamiyati va Osiyo-Tinch okeani kardiologiya jamiyati tadbirlarida ham namoyish etilgan.
Ushbu tayinlov O'zbekiston vakillarining Yevropa tibbiyot tuzilmalaridagi ishtirokini kengaytirib, mamlakatimiz mutaxassislariga xalqaro darajadagi ta'lim loyihalarida o'z tajribasini ulashish imkoniyatini taqdim etishi kutilmoqda.
Source: uznews.uz