Tinch okeanidagi kuchli “Louell” to‘foni (3-toifali) Gavayi orollariga yaqinlashmoqda. AQSh milliy bo‘ronlar markazi yakshanba kuni orollar uchun favqulodda ogohlantirish e’lon qildi. Mahalliy vaqt bilan dushanba oqshomidan boshlab kuchli shamol va sel kelishi mumkin.
To‘fon Gavayining shimoli-g‘arbiy orollari – Niihau va Kauai orollaridan g‘arbda harakatlanishi kutilmoqda. Kauai meri Derek Kavakami favqulodda holat e’lon qildi. Orollarda qirg‘oq suvlari 1 metrgacha ko‘tarilishi, to‘lqinlar va yuqori suv oqimlari kuzatilishi mumkin.
Bo‘ron soatiga 9 km tezlikda shimolga siljimoqda. “Louell” 27-avgust kuni Tinch okeanida tropik depressiya sifatida paydo bo‘lib, iliq okean harorati va El-Nino ta’sirida kuchaygan. U chorshanba kuni 5-toifaga yetgan, biroq keyin zaiflashib, yana kuchaygan. Tarixda bunday holat faqat 1994-yilgi “Emiliya” va 2006-yilgi “Ioke” to‘fonlarida kuzatilgan.
“Ioke” Markaziy Tinch okeanidagi eng kuchli to‘fon bo‘lgan. 1992-yilda esa “Inike” to‘foni Kauai oroliga milliardlab dollar zarar yetkazgan va 6 kishi halok bo‘lgan edi. “Louell” esa 150-250 mm yog‘ingarchilik olib kelishi, ayrim joylarda 360 mm gacha yog‘ishi mumkin.
To‘fon markazidagi shamol tezligi soatiga 195 km ni tashkil etmoqda. U Gonoluludan 895 km janubi-g‘arbda joylashgan. Mahalliy hokimiyat aholini kuchli yomg‘ir va shamolga tayyor bo‘lishga chaqirmoqda. Milliy ob-havo xizmati tornado ehtimolini ham istisno qilmayapti, chunki ular odatda bo‘ron markazidan uzoqda joylashgan yomg‘ir chiziqlarida hosil bo‘ladi.
Gavayining Katta orolida 100-200 mm yog‘in kutilmoqda. Bo‘ron kuchi 85 km, tropik bo‘ron kuchi esa 280 km masofaga tarqalishi mumkin. Kauai favqulodda vaziyatlar agentligi aholini avtomobil baklarini to‘ldirish, telefonlarni zaryad qilish, dori-darmon va oziq-ovqat zaxiralashga chaqirdi. Shuningdek, bir necha kun uyda qolishga tayyor bo‘lish kerak.
Kauai okrugi hukumati to‘lqinlar “hayot uchun xavfli” bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi. Aholi va sayyohlar okean sohilidan uzoqroq turishi so‘raldi. Lixue shahrida aholi oziq-ovqat va suv sotib olishga shoshilmoqda. Ko‘chmas mulk agenti Lori Benkert elektr uzilishi holatiga tayyorlanib, barbekyu uchun qo‘shimcha propan sotib oldi.
Shu bilan birga, Kaliforniya janubidagi San-Diegodan 1120 km uzoqlikda “Mari” to‘foni (1-toifa) harakatlanmoqda. Uning shamoli soatiga 120 km tezlikka yetgan. Bu to‘fon Meksika va Kaliforniya qirg‘oqlarida xavfli to‘lqinlar keltirishi mumkin. Gavayi orollarida tornado kamdan-kam uchraydi – yiliga o‘rtacha bitta. 1950-2018 yillarda atigi 42 ta tornado qayd etilgan.
Source: www.aljazeera.com