Shveytsariyaning janubi-sharqiy Alp tog‘larida sayyohlar avtobusi halokatga uchradi. Natijada 5 kishi vafot etdi, o‘nlab kishilar turli darajada jarohat oldi. Bu haqda mahalliy politsiya xabar berdi.
Gollandiyalik sayyohlar bo‘lgan avtobus Graubünden mintaqasidagi Susch va Zernez o‘rtasida yo‘l ta’mirlash hududida xavfsizlik to‘sig‘iga urilib, yo‘ldan chiqib ketgan va ag‘darilgan. Voqea payshanba kuni kechqurun sodir bo‘lgan. Shveytsariya politsiyasining juma kuni ma’lum qilishicha, halok bo‘lganlarning shaxsi hali aniqlanmagan.
Avtobusdagi qolgan 40 kishi, jarohatlari og‘irdan yengilgacha bo‘lgan, qutqaruv vertolyotlari va tez yordam brigadalari tomonidan kasalxonalarga yetkazilgan. Avtobus dushanba kuni Gollandiyadan jo‘nab ketgan va Avstriyadan Shveytsariyaga bir kunlik sayohat paytida halokatga uchragan.
Gollandiya Bosh vaziri Rob Jetten voqea bilan bog‘liq barcha odamlarga hamdardlik bildirdi. Qirol Villem-Aleksandr va qirolicha Maksima esa “bu buyuk fojia”dan aziyat chekkanlarning barchasiga qalbdan hamdardlik izhor etishdi. Shveytsariya Prezidenti Gi Parmelin X tarmog‘ida voqeadan “chuqur hayratda” qolganini va qurbonlarning oilalariga “samimiy ta’ziya” bildirganini yozdi.
Politsiya e’lon qilgan suratda avtobus tor qishloq yo‘li yonida yonboshlab yotgani ko‘rinadi. Graubünden kanton politsiyasi voqeada uch kishi og‘ir jarohat olganini ma’lum qildi. Qutqaruv ishlarida Shveytsariya va Avstriyadan jami yetti vertolyot, o‘t o‘chirish bo‘limlari va Plaiv yo‘l qutqaruv xizmati qatnashgan. Graubünden prokuraturasi va politsiyasi halokat sabablarini tergov qilmoqda.
Zernez Shveytsariya milliy bog‘iga kirish nuqtasi bo‘lib, u tog‘li Engadin vodiysi bo‘ylab 100 kvadrat kilometrdan ortiq maydonni egallagan ulkan Alp qo‘riqxonasidir.
Source: www.bbc.co.uk