AQShda 1996 yildan buyon 4,5 milliondan ortiq kishi deportatsiya qilingan bo‘lsa-da, shu vaqtgacha hech bir ishda "Chet ellik terrorchilarni chiqarib yuborish sudi" (ATRC) qo‘llanilmagan edi. Biroq joriy oyning o‘zida bu sud 30 yillik tarixida birinchi marta ishga tushirildi. Bu haqda DW xabar berdi.
47 yoshli afg‘onistonlik Nazira Hoji Zoda AQShning Texas shtatida yashab, qonuniy doimiy yashash huquqiga ega edi. AQSh Milliy xavfsizlik departamenti (DHS) chorshanba kuni e’lon qilgan bayonotga ko‘ra, u "o‘zini chet ellik terrorchi deb tan olgan va deportatsiya qaroriga apellyatsiya berishdan voz kechgan", shundan so‘ng Afg‘onistonga qaytarilgan. AQSh bosh prokurori Todd Blansh bu ishni "milliy xavfsizlik va qonun ustuvorligi uchun g‘alaba" deb atadi.
Ammo Zodaning davlat himoyachilari Metyu Farli va Meri Menning Petras avvalroq bu ish "sudning qonuniyligini tan olish deb qaralmasligi kerak" degan edi. 1995 yildagi Oklahoma-Siti portlashidan keyin qabul qilingan qator aksilterror choralari doirasida tashkil etilgan bu sud AQSh fuqarosi bo‘lmagan, terrorizmga aloqadorlikda ayblanayotgan, ammo dalillari maxfiy yoki milliy xavfsizlikka aloqador shaxslar ishlarini ko‘rib chiqish uchun mo‘ljallangan.
Los-Anjelesdagi Kaliforniya universiteti (UCLA) huquq professori Xiroshi Motomura DWga bergan intervyusida Donald Tramp ma’muriyati ATRCni deportatsiya vositalari qatoriga qo‘shayotganini ta’kidladi. "Bu juda murakkab protsedura. Aslida odamni AQShdan chiqarib yuborishning boshqa ko‘plab yo‘llari bor, faqat 'terrorizm' so‘zini qo‘llash kifoya", dedi u. "Amaliy nuqtai nazardan, hukumatning 30 yil davomida bu suddan foydalanmagani 'bizga bu sud kerak emas, chunki biz odamlarni usiz ham deportatsiya qila olamiz' degan qarashni aks ettiradi".
Prokurorlar Zodani 2024 yilgi saylov kunida ommaviy otishma uyushtirishni rejalashtirganlikda ayblanib hukm qilingan ikki erkak — o‘g‘li Abdulloh Hoji Zoda va kuyovi Nosir Ahmad Tavhedning oila "boshlig‘i" sifatida ayblagan. Blansh bu oilani "ISISga xayrixoh" deb atagan. Motomuraning so‘zlariga ko‘ra, ATRCning oddiy deportatsiyadan asosiy farqi shundaki, sudlanuvchilar o‘zlariga qarshi dalillarni ko‘rish imkoniga ega emas, ularning advokatlari esa ba’zi hollarda ko‘rishi mumkin.
DHS bayonotida Zodaga va uning advokatlariga "yarim terabayt hujjat" taqdim etilgani aytilgan, ammo ularning mazmuni oshkor qilinmagan. Motomura fikricha, hukumat "bu ishda terrorizm yoki boshqa asoslarni sudda oshkor qilishni istamaydi, shuning uchun ham murakkabroq protsedurani tanlab, sudyaga yopiq eshiklar ortida ma’lumot berishni afzal ko‘radi".
ATRC AQSh Oliy sudi raisi Jon Roberts tomonidan tanlanadigan besh federal sudyaдан iborat. Hukumat avval sudga murojaat qilib, shaxsning immigratsiya qonunchiligidagi ta’rif bo‘yicha "chet ellik terrorchi" ekanligiga asosli shubha borligini va oddiy deportatsiya tartibi milliy xavfsizlikka xavf tug‘dirishini isbotlashi kerak. Zodaning ishi iyul oyida shu tartibda boshlangan. Keyin sud majlisi bo‘lib o‘tishi kerak edi, unda hukumat o‘z ishini "dalillarning ustunligi" tamoyili asosida isbotlashi kifoya qilardi — bu odatdagi ishlarga qaraganda pastroq talab. Zodaning majlissiz mamlakatni tark etish qarori tufayli hukumatning kelajakda bu suddan foydalanish imkoniyati konstitutsiyaviy jihatdan sinovdan o‘tmagan holda qolmoqda.
Zodaning advokatlari Washington Postga bergan bayonotida: "Qonuniy doimiy rezidentlarni sudga tortib, ularga yoki advokatlariga qarshi ishlatiladigan dalillarni ko‘rsatishdan bosh tortish — bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri adolatli sud protsessining buzilishidir. Ishonchimiz komilki, Chet ellik terrorchilarni chiqarib yuborish sudi sudyaga murojaat qilinishi bilanoq konstitutsiyaga xilof deb topiladi", deyiladi.
AQSh konstitutsiyasiga kiritilgan tuzatishga ko‘ra, hech bir shtat "hech kimni qonuniy sud protsessisiz hayoti, erkinligi yoki mol-mulkidan mahrum eta olmaydi". Bu Zodaning ishiga taalluqli yoki yo‘qligi hozircha aniq emas. Motomuraning fikricha, bu holat Tramp ma’muriyatini xafa qilgan bo‘lishi mumkin: "Menimcha, ular hafsalasi pir bo‘lgan. Bu ish konstitutsiyaviy masala yuzasidan sudda ko‘rilmaganidan afsusda bo‘lishlari mumkin, chunki bu ularga AQSh konstitutsiyasi bo‘yicha mamlakatdagi odamlarning huquqlarini cheklash uchun boshqa imkoniyat bergan bo‘lardi".
Tramp ma’muriyatining immigratsiyaga nisbatan e’lon qilingan "nol tolerantlik" siyosati — odamlarni aloqasi bo‘lmagan "uchinchi davlatlar"ga deportatsiya qilish va Immigratsiya va bojxona nazorati (ICE) agentlarining keng ko‘lamda joylashtirilishi — hisobga olinsa, ATRCga navbatdagi ish 30 yildan keyin emas, yaqin kelajakda tushishi ehtimoli katta. Bu esa adolat uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Motomura so‘zlariga ko‘ra, "bu vaziyatni ma’muriyatning sudlarga, huquqiy yordamga va dalillarga kirishni cheklashga qaratilgan kengroq harakatlarining bir qismi sifatida ko‘rmaslik qiyin".
Source: www.dw.com