Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Saudiya Arabistonida qayd etilgan, Makka shahriga yo‘naltirilgan uchuvchisiz uchish apparatidan foydalanilgan hujumga urinishni qat’iyan qoraladi. Bu haqda TIV axborot xizmati xabar berdi.

“Saudiya Arabistoni Podshohligi bilan to‘liq birdamligimizni bildiramiz hamda muqaddas qadamjolar, tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasiga tahdid soluvchi har qanday harakatlarni nomaqbul deb hisoblaymiz”, — deyiladi bayonotda. Idora “barcha tomonlarni maksimal darajada vazminlik namoyon etishga, xalqaro huquq normalariga qat’iy rioya qilishga, davlatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilishga” chaqirmoqda.

TIV, o‘z navbatida, O‘zbekiston keskinlikni kamaytirish, mojaroning yanada tarqalishining oldini olish hamda mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

BBC News’ning yozishicha, Yamandagi Saudiya boshchiligidagi koalitsiya vakili Turki al-Malikiy 15-sentabr oqshomida muqaddas Makka shahrining janubida husiylarga tegishli bo‘lgan dron tutib olinib, yo‘q qilinganini bildirgan. Al-Malikiyning ta’kidlashicha, Islom dinining eng muqaddas qadamjosi joylashgan va Haj ziyorati markazi bo‘lgan Makkani nishonga olish “sharmandali harakat”dir.

57 davlatni birlashtirgan Islom hamkorlik tashkiloti Makka va islomning ikkinchi muqaddas qadamjosi joylashgan Madina viloyatiga hujumlarni “qabul qilib bo‘lmas va chidab bo‘lmas haddan oshish” deb atadi. O‘z navbatida, g‘arbiy Yamanning katta qismini nazorat qiluvchi va Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi guruh — husiylar Makka nishonga olinganini rad etib, Saudiya Arabistonini “uydirma va yolg‘on” tarqatishda aybladi.

“Yaman tomonidan muqaddas qadamjolarga hech qanday tahdid yo‘q. Bizning amaliyotlarimiz ularning neft inshootlari hamda harbiy bazalariga qaratilgan bo‘lib, muqaddas joylardan ancha uzoqdadir”, — dedi harbiy vakil Yahyo Sari’. Shuningdek, Sari’ husiylar o‘tgan hafta davomida o‘z hududlariga Saudiya tomonidan berilgan 450 dan ortiq aviazarbalarga javoban Saudiya Arabistoniga dronlar va raketalar uchirganini qo‘shimcha qildi.

Bundan bir necha kun avval ham O‘zbekiston TIV Saudiya Arabistonining strategik “Sharq-G‘arb” neft quvuriga Iroqdan raketa va dron hujumi uyushtirilib, uning faoliyati to‘xtatilgach, chuqur xavotir bildirgandi. Vazirlik, shuningdek, mintaqa energetika infratuzilmasiga qaratilgan kuch ishlatish harakatlarini keskin qoralagan.

Source: www.gazeta.uz