Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Germaniyaning Saksoniya-Anhalt federal yerida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida “Germaniya uchun alternativa” (AfD) partiyasi 43,8 foiz ovoz to‘plab, ishonchli g‘alabaga erishdi. Bu natija mamlakat siyosiy tizimida “tektonik siljish” sifatida baholanmoqda. Kansler Fridrix Mers ham saylovdan so‘ng AfDʼning tez orada milliy darajada hokimiyatga kelishi mumkinligini tan oldi. Biroq bu g‘alaba ortida partiyaning hududdagi yetakchisi Ulrix Zigmundning shaxsiyati va xarizmasi alohida o‘rin tutadi.

Ulrix Zigmund 1990-yil oktabrida, Germaniya birlashuvidan atigi uch hafta o‘tib tug‘ilgan. Uning otasi AfD deputati Tomas Korella huzurida ma’muriy lavozimda ishlaydi, onasi esa 2019-yilda baxtsiz hodisada vafot etgan. 2026-yil boshida Zigmund otasini partiyadoshining yoniga ishga “joylashtirib qo‘ygani” uchun qarindosh-urug‘chilikda ayblandi. U bunga javoban partiyaga yaxshi xodimlar topish qiyinligini, chunki a’zolar raqiblar va OAV tomonidan hujumga uchrayotganini aytdi.

Zigmund yoshligida siyosatchi bo‘lishni rejalashtirmagan. U ulgurji savdo va eksportga ixtisoslashgan tijorat bilim yurtini tamomlagan. 2011-yilda Berlinga ko‘chib, oftalmologiya klinikasining marketing bo‘limida ishlagan. Uch yildan so‘ng binolarni xushbo‘ylantiruvchi vositalar sotuvchi “Reima AirConcept” kompaniyasiga asos solgan. Shu bilan birga Gamburgdagi Yevropa sirtqi oliy ta’lim maktabini biznes-psixologiyasi bo‘yicha tamomlagan. Uning diplom ishi hidlar yordamida xaridorlarga ongsiz ta’sir ko‘rsatishga bag‘ishlangan edi.

2010-yillarning o‘rtalarida Zigmund biznesdan uzoqlashib, siyosatga qiziqdi. O‘smirlik chog‘ida Angela Merkel boshchiligidagi Xristian-demokratik ittifoqqa (XDI) a’zo bo‘lgan, olti yil shu partiyada bo‘lgan. 2014-yilda AfDʼga o‘tgan. Ikki yil o‘tgach, 26 yoshida Saksoniya-Anhalt parlamentida AfDʼdan o‘rin egallagan. Uning saylovoldi dasturi asosi Merkel hukumatining migratsiya siyosatini tanqid qilish edi. Zigmund XDIdan ketishini “yevroni qutqarish” siyosatidan noroziligi bilan izohlagan.

Zigmund 2020-yillarda COVID-19 pandemiyasi davrida ijtimoiy tarmoqlarda karantin cheklovlariga qarshi roliklar chiqarib mashhurlikka erishdi. U majburiy vaksinatsiya va niqob taqish talabini “aqlsizlik” deb atagan. Roliklar millionlab marta ko‘rilgan. Cheklovlar bekor qilingach ham u ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalandi, mototsiklda mamlakat bo‘ylab sayohat qilib, tarafdorlari bilan uchrashdi. Hozirda uning Instagramʼda 750 ming, TikTokʼda deyarli bir million obunachisi bor. Uni AfDʼning “kulib turgan yuzi” deb atashadi.

Saylovchilar Zigmundga pop-yulduzdek munosabatda bo‘lishadi: futbolkalar, kurtkalar, telefon g‘iloflari, banknotalar va jurnallarni imzolashni so‘rashadi. Ba’zan bu narsalar internetda 1000 yevrodan ham qimmatga sotiladi. AfD tarafdori, 66 yoshli Frank Ville uni “yangi Kennedi” deb atagan. Partiyadoshi Xans-Tomas Tilshnayderning aytishicha, “Ulining sehri shundaki, u biror joyda paydo bo‘lishi bilan odamlar o‘zlarini yaxshiroq his qila boshlashadi”.

Biroq Zigmund dasturining o‘zagi migratsiya qoidalarini kuchaytirish va noqonuniy qochqinlarni jadal deportatsiya qilishdan iborat. “Le Monde” muxbiri Elza Konesaning so‘zlariga ko‘ra, Saksoniya-Anhaltdagi AfD dasturi eng shafqatsizlardan biri: noqonuniy immigrantlarni tezlashtirilgan deportatsiya qilish, boshpana so‘rovchilarni jamoat ishlariga majbur qilish, maktablarda qochqin bolalari uchun maxsus sinflar tashkil etish, “erkak va ayoldan iborat normal oila obrazini shakllantirish”, “kamalakrang bayroqni emas”, milliy bayroqni ko‘tarishga majbur qilish. Shuningdek, mintaqaviy hukumat Saksoniya-Anhalt tarixini targ‘ib qilishi, mahalliy televideniye va iqlim dasturlarini budjetdan moliyalashtirishni to‘xtatishi, COVID-19ga qarshi “nomutanosib qat’iy choralar”ni joriy qilganlarni tergov qiluvchi maxsus komissiya tuzishi rejalashtirilmoqda.

Zigmundning XDIdagi raqibi Sven Chekalla uni “qo‘y terisini yopingan bo‘ri” deb ataydi: “Maftunkor tabassumli yosh va xushbichim inson ortida o‘ta o‘ng partiyaning radikal qarashlari yashiringan. Ko‘pchilik buni anglamaydi, chunki juda kamdan-kam odamgina nomzodlarning dasturi bilan yaqindan tanishib chiqadi. Uning kampaniyasi TikTok’dagi 30 soniyalik videolardan iborat edi”.

Tanqidchilar Zigmundni Gitler Germaniyasiga xayrixohlikda ayblamoqda. U fashistlarning “Sieg Heil” shiori ohangida uning ismini hayqirgan tarafdorlarini qoralashdan bosh tortdi. “Die Welt” muxbirlari Zigmundning to‘rt nafar maslahatchisi ilgari 2009-yilda taqiqlangan “Vatanparvar nemis yoshlari” ekstremistik va neonatsistik tashkilotiga a’zo bo‘lganini aniqlashdi. Yana bir safdoshi Sebastyan Shmidtke ilgari Germaniya Milliy-demokratik partiyasini (2023-yilda “Vatan”ga o‘zgartirgan) boshqargan. 2023-yilda Zigmund Potsdamdagi Adlon villasida neonatsistlarning yashirin uchrashuvida qatnashgan, u yerda muhojirlarni ommaviy deportatsiya qilish rejasi muhokama qilingan. 2024-yil yanvarida bu fosh qilingach, noroziliklar boshlanib, Zigmund landtagdagi qo‘mita rahbari lavozimidan chetlashtirildi, biroq u uzr so‘ramadi.

Ba’zi siyosatshunoslar Zigmundning nufuziga bu voqealar ta’sir qilmaganini AfD asosiy OAVga ishonchsizlikni mafkurasining bir qismiga aylantirgani bilan bog‘laydilar. Nemis siyosatshunosi Yoxannes Xille esa Zigmundni opportunist deb hisoblaydi: “Uning kuchli tomoni shundaki, u AfDʼning boshqa rahbarlaridan farq qiladi. U shunchaki migratsiyaga qarshi chiqib, salbiy fikrlarni tarqatmaydi. U ijobiy gapirishni biladi va unda strategik qarash deb atash mumkin bo‘lgan xususiyat bor. U AfDʼga milliy miqyosda yetishmayotgan narsani: odamlarni ruhlantiradigan xarizmatik yetakchilikni o‘zida mujassam etadi. U konservator niqobidagi o‘ngchi populist”.

Saylovda g‘alaba qozonganidan so‘ng, AfD parlamentda mutlaq ko‘pchilikni qo‘lga kirita olmagan bo‘lsa-da, Zigmund boshqa partiyalar bilan koalitsiya tuzishni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi. U XDI bilan ehtimoliy hamkorlik borasida keskin fikr bildirdi: “XDI ochiq chegaralar, fuqarolikka qabul qilish va gender siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi. Bularning barchasi Germaniyani hozirgi holatiga olib keldi. Men bunday odamlar bilan birga Germaniyani qutqara olmayman”. Bu bayonotlar Germaniyada siyosiy qutblanish yanada kuchayishidan dalolat beradi.

Source: www.gazeta.uz