Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Saudiya Arabistoni havo mudofaa kuchlari Makka shahri tomon uchayotgan uchuvchisiz uchish apparatini (dron) tutib, yo‘q qildi. Bu haqda Yamandagi qonuniylikni tiklash koalitsiyasi matbuot kotibi Turkiy al-Malkiy ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dron shahar janubida, yopiq havo hududiga kirishdan oldin tutib olingan.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ushbu voqea yuzasidan rasmiy bayonot e’lon qilib, muqaddas Makka shahri tomon yo‘naltirilgan uchuvchisiz uchish apparati yordamida amalga oshirilmoqchi bo‘lgan hujum urinishini qat’iy qoraladi. Vazirlik Saudiya Arabistoni bilan to‘liq birdamlik bildirdi.

“Muqaddas joylar, tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasiga xavf soladigan har qanday harakatlar yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan deb hisoblaymiz. Barcha tomonlarni maksimal darajada vazminlikka, xalqaro huquq normalariga qat’iy rioya qilishga, davlatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilishga chaqiramiz”, — deyiladi Tashqi ishlar vazirligi xabarida.

Vazirlik, shuningdek, mintaqada keskinlikni pasaytirish, mojaroning yanada tarqalishini oldini olish hamda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, Saudiya Arabistoni hududiga, xususan muqaddas shaharlar Makka va Madinaga qaratilgan bunday hujum urinishlari mintaqada xavfsizlik vaziyatining jiddiy keskinlashuvidan dalolat beradi. Xalqaro hamjamiyat tomonidan mojaroning tinch yo‘l bilan hal etilishiga chaqiriqlar kuchaymoqda, biroq keskinlikning pasayishi kuzatilmayapti.

Source: www.uznews.uz