Turkiyaning Manisa provinsiyasi Turgutlu tumanidagi “Inji Uzmez” kasb-hunar va texnik Anadolu litseyi oldida mahalliy vaqt bilan taxminan 08:00 da ov miltig‘idan o‘q uzildi. Bu haqda T24 nashri xabar bermoqda. Voqea ta’lim muassasasi yaqinida sodir bo‘lgan va dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, halokatli oqibatlarga olib kelmagan bo‘lsa-da, bir necha kishi jarohat olgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchi 15 yoshli maktab o‘quvchisi bo‘lgan. Otishma natijasida 8 nafar o‘quvchi jarohatlangan, ulardan 2 nafari og‘ir ahvolda. Jabrlanganlar 14 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlardir. Hozircha hujumning sabablari noma’lum, tergov harakatlari davom etmoqda.
Otishmadan so‘ng hujumchi qochishga uringan, biroq tez orada qo‘lga olingan. Huquq-tartibot idoralari voqea joyida ish olib bormoqda va gumonlanuvchining shaxsi aniqlanmoqda. Mahalliy hokimiyat vakillari voqea yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan.
Bu hodisa Turkiyada so‘nggi oylarda sodir bo‘lgan bir qator maktab otishmalaridan keyin yuz berdi. 2026-yilning aprel oyida Turkiyaning Shanliurfa va Kahramanmarash hududlaridagi maktab va litseyda ham otishma sodir etilgandi. Birinchi voqeada 16 kishi jarohatlangan bo‘lsa, ikkinchisida 9 kishi halok bo‘lgan va 13 kishi jarohat olgandi.
Bu hodisalardan so‘ng Turkiyada ta’lim vazirining iste’fosini so‘rab namoyishlar bo‘lib o‘tgan, shuningdek, rasmiylar maktablarda hujumlardan so‘ng xavfsizlik choralari kuchaytirilganini bildirgan. Biroq bugungi voqea ko‘rilgan choralar yetarli emasligini ko‘rsatmoqda.
Source: www.gazeta.uz