Isroil Mudofaa armiyasi (SAXAL) 28-fevral kuni Eronga berilgan birinchi zarbalar davomida Eron harbiy rahbariyatining 40 nafar "asosiy" qo‘mondonini, jumladan, Eron Qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Abdulrahim Musaviyni yo‘q qilganini ma’lum qildi.
SAXAL Musaviyning birinchi zarbalar chog‘ida o‘ldirilganini hozirda tasdiqlashi mumkinligini bildirmoqda. Musaviy 2025-yil iyun oyidagi urush paytida Isroil zarbalari natijasida halok bo‘lgan Muhammad Bag‘eriyning o‘rnini egallagandi.
Harbiylarning ta’kidlashicha, Musaviy "Eron xavfsizlik apparatini boshqarish va operatsiya davomida Isroil tinch aholisining o‘limiga sabab bo‘lgan, Isroil hududiga yo‘naltirilgan yuzlab ballistik raketalarning uchirilishini nazorat qilish" uchun mas’ul bo‘lgan.
Bildirilishicha, "Eron xavfsizlik rahbariyatining eng yuqori martabali harbiy mulozimlarining aksariyati SAXAL tomonidan yo‘q qilingan". Yuqorida aytilgan 40 qo‘mondon nomma-nom keltirilmagan.
Avvalroq Eron rasmiylari Isroilning zarbalari oqibatida qancha harbiy halok bo‘lganini hozircha ma’lum qilmagan.
Bundan tashqari, OAV Eron sobiq prezidenti Mahmud Ahmadinajod ham AQSh va Isroilning Eronga qilgan hujumlari oqibatida o‘ldirilganini xabar qilgan.
Avvalroq Eron Qizil yarim oy jamiyati mamlakatga qilingan ilk hujumlar oqibatida 201 kishi halok bo‘lgani, 747 kishi jarohatlangani haqida xabar bergandi. Bu zarbalar SAXAL tarixidagi eng yirik havo operatsiyasi bo‘lgani va 200 ga yaqin qiruvchi samolyot ishtirok etganini e’lon qilgan.
BBC nashrining Eron rasmiylariga tayanib yozishicha, birgina mamlakat janubidagi maktabga berilgan zarba oqibatida kamida 148 kishi halok bo‘lgan.
Source: www.gazeta.uz