Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Vashington Markaziy Osiyo davlatlarining raqamli sektori va kiberxavfsizligini rivojlantirish uchun 5 million dollar yo‘naltirdi. Bu haqda Ostona shahrida bo‘lib o‘tayotgan C5+1 “superintellekt” konferensiyasida ma’lum bo‘ldi.

Qozog‘iston poytaxtida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va AQSh vakillari yig‘ildi. Uchrashuvning asosiy mavzulari – sun’iy intellekt, raqamli infratuzilma, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari va kibertahdidlardan himoya.

AQSh Davlat departamentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha kotib o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mark Kemeronning ma’lum qilishicha, Vashington mintaqa davlatlariga CRDF Global orqali 5 million dollar ajratgan. Mablag‘lar raqamli texnologiyalarni rivojlantirish va kiberhimoyaga yo‘naltiriladi. Xususan, mutaxassislar tayyorlash, kiberhodisalarga javob berishni yaxshilash, muhim infratuzilma va moliya sektorini himoya qilish, shuningdek, kiberxavfsizlik sohasidagi milliy siyosatni rivojlantirish nazarda tutilgan.

“Biz kibergigiyena darajasini oshirish, kiberhodisalarga javob berishni takomillashtirish, muhim infratuzilmani himoya qilish, moliya sektori xavfsizligini mustahkamlash va kiberxavfsizlik siyosatini rivojlantirishga ko‘maklashish niyatidamiz”, — dedi Kemeron.

C5+1 konferensiyasi neyrotarmoqlar, raqamli infratuzilma va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini rivojlantirishga ham bag‘ishlangan. Ishtirokchilar IT-startaplarni qo‘llab-quvvatlash, sun’iy intellekt sohasida qo‘shma tadqiqotlar va o‘qitish, raqamli xizmatlar va Amerika texnologik kompaniyalari bilan hamkorlikni muhokama qilmoqdalar.

Sun’iy intellektning yangi nomlanishi alohida e’tiborni tortdi. AQSh prezidenti Donald Tramp avvalroq sun’iy intellektni “superintellekt” deb atashni taklif qilgan edi, chunki uning fikricha, “sun’iy” so‘zi intellektni “soxta” qiladi. Tramp bu haqda 22-sentabr kuni BMT Bosh assambleyasida nutq so‘zlaganida aytgan. Shuningdek, AQSh Davlat departamenti amerikalik diplomatlarga odatdagi “sun’iy intellekt” o‘rniga “superintellekt” atamasidan foydalanishni tavsiya qilgani ma’lum.

Ostonadagi uchrashuv o‘tgan yilning noyabrida Vashingtonda bo‘lib o‘tgan va Markaziy Osiyo besh davlati rahbarlari hamda AQSh prezidenti ishtirok etgan C5+1 sammiti kelishuvlarining davomi bo‘ldi.

Source: podrobno.uz