Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

30-sentabr kuni ertalab Dubaydan Tel Avivga yo‘l olgan FlyDubai aviakompaniyasining yo‘lovchi samolyoti parvoz boshlanganidan ikki soat o‘tib avariya signalini uzatdi. Isroil OAV ning xabar berishicha, dastlab xalqaro umumiy favqulodda vaziyat kodi — 7700, so‘ngra esa noqonuniy aralashuv yoki samolyotni egallab olish xavfini bildiruvchi 7500 kodi yuborilgan. O‘sha paytda havo kemasi keskin pastlab, tezlikni oshirgan.

Samolyot bortida 174 nafar yo‘lovchi, jumladan 27 nafar bola bo‘lgan. Favqulodda vaziyat tufayli layner Saudiya Arabistonining Tabuk shahridagi aeroportga qo‘ndirilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, signal ikki uchuvchi o‘rtasidagi jismoniy to‘qnashuv sababli berilgan. FlyDubai aviakompaniyasi bu ma’lumotni tasdiqlagan.

Isroil rasmiylarining nashrga ma’lum qilishicha, ikkinchi uchuvchi — O‘mon fuqarosi samolyotni egallab olish va uni halokatga uchratishga uringanlikda gumon qilinmoqda. Kurash chog‘ida u pichoqdan jarohat olgan, so‘ngra isroillik yo‘lovchilar yordamida ikkinchi uchuvchi (BAA fuqarosi) tomonidan zararsizlantirilgan.

Isroil hukumati mazkur hodisani terakt sodir etishga urinish sifatida baholamoqda, deya ta’kidlaydi Channel 12 va Ynet. Hozircha Isroil, Saudiya Arabistoni yoki BAA tomonidan rasmiy bayonot berilmagan. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va mudofaa vaziri Israel Kats shoshilinch maslahatlashuvlar o‘tkazgani qayd etilgan.

Voqea xalqaro aviatsiya xavfsizligi va Yaqin Sharqdagi geopolitik vaziyat fonida jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Aviakompaniya va rasmiylar tergovni davom ettirmoqda, biroq hozircha qo‘shimcha tafsilotlar oshkor etilmagan.

Source: www.gazeta.uz