Keniya qirg‘oqlarida 16 milliard dollar (14 milliard yevro) qiymatidagi neftni qayta ishlash zavodi poydevori qo‘yildi. Loyiha 40 oy ichida yakunlanishi va kuniga 700 ming barrel neftni qayta ishlashi kutilmoqda. Zavod mamlakatning qirg‘oq bo‘yidagi Lamu shahrida barpo etiladi.
Marosimda Keniya Prezidenti Uilyam Ruto, Uganda Prezidenti Yoveri Museveni va Efiopiya Bosh vaziri Abiy Ahmed ishtirok etdi. Bu Sharqiy va Markaziy Afrikadagi eng yirik loyiha hisoblanadi. Ruto ijtimoiy tarmoqlarda zavod "mintaqaviy energiya xavfsizligini mustahkamlash, importga qaramlikni kamaytirish va valyuta tushumlarini oshirish"ini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu shunchaki zavod emas, balki 1000 MVt quvvatga ega elektr stansiyasi, plastmassa zavodi va o‘g‘it hamda kimyoviy moddalar ishlab chiqarishni o‘z ichiga olgan yirik sanoat majmuasidir.
Afrikaning eng boy kishisi, nigeriyalik sanoatchi Aliko Dangote loyihaga rahbarlik qiladi. Dangote zavod Sharqiy Afrikani qayta ishlangan yoqilg‘i importini kamaytirish orqali yanada "o‘zini-o‘zi ta’minlaydigan" qilishini aytdi. "Qit’amiz uzoq vaqt davomida resurslarga boy, ammo qiymat yaratish va qo‘shishda kambag‘al bo‘lib keldi. Biz xom neftni eksport qilib, qayta ishlangan mahsulotlarni import qildik", dedi u. "Bunday amaliyot faqat ish o‘rinlari va imkoniyatlarni eksport qilib, qit’ada qolishi kerak bo‘lgan narsalarni yo‘qotishga va qashshoqlikni import qilishga olib keladi. Afrika o‘zida bor narsani eksport qilib, o‘ziga kerak bo‘lgan narsani import qilish orqali uzoq muddatli farovonlik qura olmaydi", deya qo‘shimcha qildi u.
Biroq loyiha ekologik faollar tomonidan qarshilikka uchradi. Ular zavod YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Lamu eski shahriga va noyob dengiz ekotizimiga zarar yetkazishidan qo‘rqishadi. Lamu dengiz muhiti dugonglar, kitlar va turli dengiz toshbaqalari kabi hayvonlarning yashash joyidir. Lamu aholisi zavod quriladigan joy ularning ajdodlar merosi ekanligini aytib, yer huquqlari bo‘yicha sudga murojaat qilishdi. Keniya Oliy sudi dushanba kuni sud jarayonlari davom etishini, ammo poydevor qo‘yish marosimi o‘tkazilishi mumkinligini qaror qildi.
Source: www.dw.com